Shu yilning 20 sentabr kuni O‘zbekistonda Parlament saylovlari kampaniyasiga start berildi. Unga ko‘ra, 2019 yilning 22 dekabr sanasi O‘zbekistonda Oliy Majlis qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovlari kuni deb e'lon qilindi.

Kun.uz mazkur jarayonlarning borishi hamda partiyalar faoliyati borasida batafsil fikrlashish maqsadida O‘zbekistondagi mavjud beshta siyosiy partiyalar rahbarlari bilan suhbatlarni tashkil etmoqda.

Mazkur loyihaning birinchi mehmoni O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bo‘ldi.

- Ma'lumki, 2008 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi va «Fidokorlar» milliy demokratik partiyasining negizida yangi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tashkil etildi. 11 yillik va agar, partiyaning dastlabki tashkil etilgan yillaridan hisoblansa, 20 yildan ziyodroq tarix.

Alisher aka, Partiyaga rahbar bo‘ldingiz. Xo‘sh, siz bu yerga kelgach uning rivojlanish, o‘zgarish bosqichlarini tahlil qilib chiqdingizmi? Partiya o‘z tarixidan to shu kunga qadar qanday yo‘llarni bosib o‘tdi va qaysi tomonga ketyapti?

- Partiyamizning tashkil etilgandan buyon g‘oyaviy poydevori o‘zgargani yo‘q. «Milliy tiklanish» partiyasi O‘zbekistondagi barcha ziyoli qatlamni, xalqni bugungi kundagi orzu havaslarini, maqsadlarni, o‘tmish, bugun va kelajakka yo‘nalgan g‘oyalarni ifodalaydi.

Partiyamizda tarixda yo‘l qo‘yilgan xatolar, milliy rivojlanish yo‘lidagi muammoli, inqirozli holatlarni chuqur o‘rganib, yangilanayotgan O‘zbekistonni qanday ko‘rish bo‘yicha aniq rejalar bor hamda ular partiya g‘oyalarida o‘z aksini topgan.

- Partiya rahbarlarining mablag‘ yetishmovchiligi borasida fikrlarini ko‘p eshitamiz. Nima deb o‘ylaysiz, siyosiy partiyalar uchun ko‘proq mablag‘ kerakmi yoki bor mablag‘lar tartibga solinishi kerakmi?

- Partiya bu – belgilangan g‘oya va uni jamiyatda amalga oshirishga intiladigan hamda bu yo‘lda boshqaruvdagi ma'lum qudratga ega bo‘lish uchun kurashadigan jamoat tashkiloti.

Albatta, bu jarayonda mablag‘ muhim, lekin partiyaga mablag‘ni kim berishi kerak? Amaldagi qonunchilik bo‘yicha har bir partiyaga parlamentdagi deputatlik o‘rniga qarab mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘lar esa partiyalarning xududiy kengashlaridagi xodimlarini oylik maoshlari va partiya rejalarini amalga oshirishga ishlatiladi.