Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 50-maktabda o‘qituvchilarni urib jarohat yetkazishgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz hodisa yuzasidan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi bilan bog‘landi.

Boshqarma tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, 5 oktabr kuni Andijon shahridagi 50-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabining 2-smenasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov va Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.Ashurov tomonidan kiyinish madaniyatiga rioya qilmagan va darsga kech qolgan matematika fani o‘qituvchisi D.Yusupovaga og‘zaki ogohlantirish beriladi. Ular o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. D.Yusupova maktab mutasaddilariga turmush o‘rtog‘i kelib ularni tartibga keltirishini aytadi.

Natijada, soat 13:35larda D.Yusupovaning turmush o‘rtog‘i do‘sti bilan maktabga bostirib kirib, direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov va Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi G‘.Ashurovlarni maktab kirish qismida temir tayoqlar bilan do‘pposlashgan. Shu paytda ularni ajratishga uringan o‘qituvchilarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilib, ularga ham qo‘l ko‘tarishga uringanlar.

Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga hamda hududiy profilaktika inspektorlariga xabar berilgan. Profilaktika inspektorlari D.Gaziyev va N.Rahmonovlar soat 14:00larda kelganida D.Yusupovaning turmush o‘rtog‘i hamda uning do‘sti hodisa sodir etilgan joydan ketib bo‘lishgan edi.

Maktabning direktor o‘rinbosari Sh.O‘rmonov, o‘qituvchi G‘.Ashurovlar shoshilinch tez tibbiy yordam navbatchi shifokorlari tomonidan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Andijon filialiga olib borilgan.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, Sh.O‘rmonovda miya chayqalishi, burun sinishi, o‘ng ko‘zi atrofi hamda oyoqlarining tizza qismi qattiq zarbada jarohatlangani; G‘.Ashurovda miya chayqalishi, burun va ikki tish sinishi, badani hamda chap qo‘lining zarbadan kattiq jarohatlangani aniqlangan.

Barcha muolajalari o‘z vaqtida qilinganligi sababli hozirda jabrlanuvchilarning sog‘lig‘i yaxshi, doimiy shifokorlar nazoratida.

Hodisa bo‘yicha Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.