Kecha televizorda Amerika kinosi bo‘layotgan ekan. Undagi qahramon qo‘l ostidagi xodim bilan suhbatda kasbiga jon kuydirib, hayotidagi eng muhim kunlaridan ham voz kechganini aytdi:
«Men suvosti kemasida ancha yillik tajribaga egaman. Kasbimni sevaman. Uni deb 4 marta prezident saylovlariga, bir necha bor qizimning tug‘ilgan kuniga ham bormadim...» Kalit so‘z – saylov.
E'tibor bergan bo‘lsangiz, u hayotidagi eng muhim kunlarni sanadi. Amerikada saylov barchasidan ustun turadi. Aholi «Bu fuqarolik burchim va men keyingi 4 yillik taqdirimni o‘zim belgilayman», deb prezidentlik sayloviga boradi. Boshqa saylovlarga ham shunday munosabatda ular.
Shunga yarasha, partiyalar saylovlarga alohida tayyorgarlik ko‘radi. Davlat va mahalliy hokimliklar ham ularning ishiga aralashmaydi. Noqonuniy aralashgani yoki aralashmoqchi bo‘lgani esa o‘z vaqtida jazolanadi.
Ularda bizdagi kabi «kim saylanishi ma'lum-ku» degan tushuncha yo‘q. Saylov kampaniyasi boshlangach, hamma u bilan band bo‘ladi. Ommaviy axborot vositalari partiyalar uchun erkin «jang» platformasiga aylanadi. Televideniye kanallarini almashtiraverasiz, demokratlar va respublikachilar bir-birini so‘zlar orqali «g‘ajib» tashlayotganini ko‘raverasiz. Ular ommani o‘ziga qaratish bilan band bo‘ladi. Har xil shoular beriladi. Hammasi chinakamiga shaffof bo‘ladi va barchasi fuqaro uchun qiziq tuyuladi.
Fuqaro o‘ziga-o‘zi «men ham siyosatning tarkibiy qismiman, men faol bo‘lishim kerak», deydi. Bizda esa biror gap aytsangiz, «siyosatga aralashma, tinch tur bolam», degan gaplar urchib turadi. Ular-chi, Kongressdagi joyning qadrini boyliklardan ustun ko‘rishadi. Qancha ko‘p nomzodingiz kreslolarni egallasa, siz davlatni boshqarasiz. Ular orqali takliflar berasiz. Sodda qilib aytsak, vakilingiz orqali qonunchilik sizning qo‘lingizda bo‘ladi. Islohotlarni siz amalga oshirasiz. Ha, ha, partiyangiz Amerikani boshqaradi.
Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasi a'zosi, siyosatchi va jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayev bilan jurnalist va blogerlar o‘rtasida saylov ishlarini tashkil etish bo‘yicha ochiq suhbat o‘tkazildi. Rasmiylikdan qochildi va ishtirokchilar kerakli takliflarni berib o‘tdi.
Suhbatda jurnalist, bloger Eldar Asanov va Kun.uz jurnalisti Bahodir Ahmedovlar partiya nomzodlari saylovchilar bilan uchrashuvlarga borganda rasmiylikdan uzoqlashishi kerakligi, maqsadlarini oddiy xalqona tilda tushuntirishi lozimligi, xalq kostyum-shimli va'dabozlardan chinakamiga zerikkanini bildirishdi.
Xalqaro matbuot markazi vakili esa jurnalist va blogerlar uchun saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashish ochiq bo‘lishi, natijalarni hisoblashda ham xolis sifatida qatnashishi muhim natija berishi mumkinligini tushuntirdi.

















