Reuters agentligining tarmoqdagi toʻrtta manbasiga tayanib xabar berishicha, 17-sentabr kuni Yaroslavldagi YANOS neftni qayta ishlash zavodi xom neftni qayta ishlashni toʻxtatgan.

Bunga zavodga qilingan dron hujumi oqibatida AVT-3 birlamchi neftni qayta ishlash qurilmasining shikastlanishi sabab boʻlgan. Uning quvvati sutkasiga 17,1 ming tonna boʻlib, korxona umumiy qayta ishlash quvvatining taxminan 40 foizini tashkil etadi.

Yaroslavl viloyati gubernatori Mixail Yevrayev zavodda shikastlanish va yongʻin yuz berganini maʼlum qilgan. Yongʻinni oʻchirish ishlari bir necha soat davom etgan. Qurbonlar va jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Zavoddagi yana bir asosiy qurilma - AVT-4 ham 28-avgustdagi avvalgi dron hujumidan keyin taʼmirlanayotgan edi. U korxona quvvatining 33 foizini taʼminlaydi. Shu tariqa, zavodning umumiy quvvatining katta qismini tashkil etuvchi ikki asosiy qurilma bir vaqtning oʻzida ishdan tashqarida qolgan.

Reuters manbalariga koʻra, hujumdan keyin Yaroslavl zavodida ishlab chiqarilgan yoqilgʻi Rossiya ichki tovar birjasida sotuvga qoʻyilmagan.

YANOS Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi. Uning loyihaviy quvvati yiliga 15 mln tonna yoki sutkasiga qariyb 300 ming barrel neftni tashkil qiladi. 2024-yilda zavod 14,9 mln tonna neftni qayta ishlagan, jumladan, 2,6 mln tonna benzin va 4 mln tonna dizel yonilgʻisi ishlab chiqargan.

Korxona Moskva viloyatini ham yonilgʻi bilan taʼminlab kelgan.

Sentabr oyida bu Rossiyaning mazkur qismida dron hujumlari oqibatida ishini toʻxtatgan ikkinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi boʻldi. DW maʼlumotiga koʻra, 6-sentabrdan Ryazandagi NQZ ham yonilgʻi joʻnatishni toʻxtatgan.