Abramov har qancha kamtarlik qilib, xatolar haqida gapirmasin, kechagi o‘yin har qanday murabbiy uchun ideal kechdi, deb aytish mumkin va ishonamanki, aslida Karlenich ham o‘zini zo‘rg‘a bosib turibdi. Yirik hisobda g‘alaba qozonildi. Darvoza daxlsizligi saqlandi. Raqib atigi bir marta aniq zarba berdi. Biror marta burchak to‘pi tepmadi hatto.

Tezkor gol urildi. Tarkibga yangi qo‘shilgan futbolchi hisobni ochdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchi ham gol urdi. Golni bosh bilan ham urdik, standart vaziyatlardan ham urdik, uzoq masofadan zarba bilan ham, kombinatsion o‘yin natijasida ham raqib darvozasi ishg‘ol qilindi. Har qanday murabbiy uchun ideal ssenariy va natija. Xo‘sh, Abramov nimani o‘zgartirdi va u nima bilan maqtanishi mumkin aslida? Keling shu haqida gaplashamiz.

Futbolda «skill» (skill) degan termin bor. Masalan, bir futbolchining qobiliyatlari majmuasini anglatadi. U boshi bilan qanday o‘ynaydi, zarbasi qanaqa, texnikasi, jismoniy ko‘rsatkichlari, bo‘yi, qaysi oyoqda qanday tepadi, paslari – umuman maydonda kerak bo‘ladigan mana shu harakatlarni bajara olishiga qarab uning «skill»iga baho berish mumkin. O‘zbekcha qilib, «mahorat» desa ham bo‘ladi. Murabbiyning vazifasi maydondagi 11 futbolchining u yoki bu mahoratidan kelib chiqib, tarkibni va vazifalarni aniqlash. Maqsad shuki, 11 futbolchining «skill»lari jamlanmasidan jamoaning umumiy qobiliyati maksimum darajaga chiqishi kerak. Xo‘sh, qisqa muddatda, natija ham muhim bo‘lib turgan paytda, mana shu maqsadga erishishning eng qisqa yo‘li qaysi? Bu ikkinchi savol.

David Vilyani eslasangiz kerak. Jahon va Yevropa chempioni. «Barselona»ga o‘tgach ham, uning faoliyati yomon kechmadi. Chempionlar Ligasi finalida gol urganining o‘ziyoq hammasini aytib turibdi. Lekin savol tug‘iladi, Vilya «Barselona»da bor mahoratini namoyish qila olganmi? Nega biz Vilya deganda, avvalo Ispaniya terma jamoasi libosini, keyin esa, «Valensiya»ni eslaymiz? Bu haqida bir paytlar rus sharhlovchilari ham munozara qilishganda, Yuriy Rozanov juda qiziq fikr aytgandi. U Vilyaning «Barselona»da to‘liq ochilmaganini isbotlar ekan, sherigiga savol berdi:

- Xo‘p, Ispaniya terma jamoasida Vilya zo‘rmi yoki Pedro?

- Albatta, Vilya.

- «Barselona»da-chi?

Sherigi «Pedro» deb yuborishiga sal qolgandi. Aytmasa ham, hammasi tushunarli edi, albatta, «Barselona»da Pedro kuchliroq ko‘rinardi. Xo‘p, hech bo‘lmasa aytish mumkinki, bu savolga javob xuddi Ispaniya terma jamoasi kabi aniq emas, «Pedro yaxshiroq» deydiganlar chiqadi «Barselona» uchun, to‘g‘rimi?