Namangan viloyatining Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on va Namangan tumanlari, Andijon viloyatining esa Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 12 oktabr kuni Senat yalpi majlisida Andijon viloyatining Bo‘z tumani nomini Bo‘ston etib o‘zgartirish bo‘yicha ham qaror qabul qilingan.

Masala yuzasidan senator Rasuljon Boymatov hamda Namangan va Andijon viloyatlari hokimlari so‘zga chiqdi. Ta'kidlanishicha, tumanlar chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar prezidentning shu yil mart oyida Namangan viloyatiga, may oyida esa Andijon viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan edi.

Qisqacha aytganda, o‘zgarishlarga muvofiq Namangan shahri tarkibiga To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarining jami 3,5 ming gektardan ortiq yer maydoni qo‘shib berildi.

Xonobod shahri esa Qo‘rg‘ontepa tumani hududidagi to‘rtta mavzening jami 1,2 ming gektardan ortiq yer maydoni hisobiga kengaytirildi.

Namangan shahri hududi kengaydi

Namangan shahrining markaziy qismi va asosiy ko‘chalari shaharning “Bosh rejasi”ga asosan qayta qurilishi natijasida keyingi yillarda shaharga tutash bo‘lgan qo‘shni tumanlar hududlaridan, ya'ni Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hududlaridan jami 1.039 gektar yer maydonlariga shahar markazida uy-joylari buzilishga tushgan aholi uchun yangi turar-joy mavzelarini barpo etish uchun ajratib berildi.

Mazkur hududlardagi aholi va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ma'muriy boshqaruv tizimi bo‘yicha Namangan shahriga bo‘ysunuvchi bo‘lgani holda, yer maydonlari hozirga qadar tumanlar hududiga tegishlidir.

Bu esa o‘z navbatida kommunal xizmatlar ko‘rsatish, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘llar va kommunikatsiyalarni qurilishida bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, taklif etilayotgan o‘zgarish natijasida Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholiga qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan shahar hududiga o‘tkazilayotgan yer maydonlarida yangi turar-joy komplekslari, ijtimoiy va madaniy-maishiy obektlar, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari qurilishi hamda muhandislik kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.

Shu sababli, Namangan shahri tarkibiga To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarining jami 3.665 gektar yer maydonini Namangan shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.