Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi 6-maktab o‘quvchilari maktab hovlisida dars o‘tayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Facebook’dagi «Potrebitel.uz» guruhida qoldirilgan xabarda maktabda sinfxonalar yetishmasligi sabab ingliz tili darsi hovlida o‘tilgani haqida aytildi.
Dastlab Qarshi tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri ushbu video va suratlar tumandagi maktablarga oid emasligini ma'lum qilgandi.
Keyinroq Qashqadaryo viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va Qarshi tumani hokimligi ushbu holatni o‘rganib chiqdi va tumandagi 6-maktabda dars chindan ham asfalt ustida o‘tkazilganini tasdiqlandi.

«Qarshi tumanidagi 6-maktabda dars mashg‘uloti asfalt ustida o‘tkazilganligi aks etgan videolavhadagi holat yuzasidan tegishli ma'lumotlar Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi, tuman hokimligi hamda tuman matbuot xizmati tomonidan o‘rganib chiqildi.
Maktab quvvati 1060 o‘quvchi o‘rniga ega. Ayni paytda mazkur ta'lim dargohida 1884 nafar o‘quvchilar ta'lim-tarbiya olmoqda. Unda 141 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu maktab uchun 2018 yil 420 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilib barcha jihozlar, parta va stullar yetarli darajada ta'minlangan va dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun sinfxonalar to‘liq yetarli. Maktabda sinf soni 60ta. Darslar 2 navbatda o‘qitiladi. Jami 27ta sinfxona, 5ta qo‘shimcha sinfxona, 6ta fan kabinetlari va darslar bo‘lib o‘qitiladigan 12ta kichik xonalar mavjud.
Mazkur videolavhadagi holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilganda, quyidagilar aniqlandi: maktabning VI «G» sinfida 1-guruhda Dilafro‘z Hasanova hamda 2-guruhda Maftuna Zaripova dars berishadi. Sinfda o‘quvchilar soni 32 nafarni tashkil etadi. Asfalt ustida o‘tkazilgan dars aks etgan videolavhadagi holat yuzasidan Dilafro‘z Hasanova quyidagicha izoh berdi: 2019 yil 10 oktabr kuni Dilafro‘z Hasanova VI «G» sinfda tasdiqlangan dars jadvali asosida 4-soatda darsini o‘tgan. Mavzu tabiat manzaralariga oid bo‘lganligi sababli dars mashg‘uloti tugashiga 10 daqiqa qolganida o‘quvchilarni maktab hovlisiga olib chiqqan va mavzuga doir ma'lumotlarni o‘quvchilarga shu yerda tushuntirishga harakat qilgan. Ingliz tili fani metodbirlashma rahbari D.Erkayeva esa dars mashg‘ulotini o‘qituvchi Qo‘ziboyeva Nodiraning telefoni orqali videoga olgan. D.Erkayevaning aytishicha, u shunchaki tasvirga olgan va videolavha bunday tarqalib ketishini bilmaganidan afsuslanmoqda. Bunday holatning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganligidan o‘qituvchi D.Hasanova ham afsusda ekanligini bildirdi.



















