Kun.uz tahririyatiga avgust oyi boshida Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi xodimi Gulchehra Sultonmetovadan murojaat kelib tushgandi.

Unda aytilishicha, Toshkent shahar hokimiyatiga Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasini ochish bo‘yicha bir necha bor murojaat qilingan. Biroq xat ijrosi ta'minlanishi bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan: ijrochi mehnat ta'tiliga ketgani ro‘kach qilinib, ijrosi paysalga solingan.  

Joriy yilning 11 iyun kuni Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi tomonidan qayta yuborilgan 179-sonli xat ijrosi avgust oyiga qadar ta'minlanmagani ham murojaatda keltirib o‘tilgan.

Ushbu mavzuni o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbiri Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga bordi.

Kutubxona direktori Rahim Ubaydullayevning ta'kidlashicha, Toshkent shahrida 4 mingdan ortiq ko‘zi ojiz fuqaro istiqomat qilayotgan bo‘lishiga qaramay ularga xizmat ko‘rsatadigan shahar kutubxonasi ham, tuman filiallari ham mavjud emas. Hozirgi paytda Respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasi garchi shahardagi ko‘zi ojiz fuqarolarga xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, bu hududdagi maxsus kutubxonaga ehtiyoji bor aholi qatlamini to‘liq qamrab ololmaydi.

Kutubxona rahbariyati tomonidan axborot berilishicha, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2017 yil 14 iyunda tasdiqlangan qo‘shma qarorda 250 nafar ko‘zi ojiz foydalanuvchilar yashaydigan tuman va shaharlarda Respublika va viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalarining filiallarini tashkil etish hamda bir stavka filial mudiri shtatini ajratish va har qo‘shimcha 150 nafar ko‘zi ojiz foydalanuvchi uchun 0.5 stavka kutubxonachi shtati ajratilishi belgilab qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 18 sentyabrda qabul qilingan 739-sonli «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorda ham «Maxsus axborot-kutubxona muassasalari tomonidan axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq qamrab olinishini ta'minlash maqsadida respublikadagi 1, 2 va 3-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatini shakllantirish, ro‘yxatni har uch yilda yangilab borish. Shakllantirilgan ro‘yxat asosida 250 nafar ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan tuman(shahar)larda yangi ko‘zi ojizlar kutubxonasi filiallari tashkil etish choralarini ko‘rish» to‘g‘risida alohida band keltirilgan.