O‘tgan safar ham aytganimizdek, milliy jamoamiz o‘yinidagi kamchiliklarni aynan Vadim Abramov bilan bog‘lash to‘g‘ri emas, chunki bu qadar qisqa muddatda murabbiy to‘laqonli ravishda o‘z jamoasini qura olmasligi tushunarli. Bunday pallada yuz foizlik natija qayd etilgani eng ahamiyatli jihat edi. Vazifa bajarildi.

Shu bilan birga, bundan keyin jamoa qaysi falsafa va qadriyatlar asosida to‘p surmoqchi ekani, qanday o‘ynashga harakat qilayotgani haqida ham qisman baho berish, murabbiy chizgilarini payqash ham mumkin. Men esa mana shu boshlang‘ich nuqtada nimalarga urg‘u berish va kelajakda qanday muammolarga duch kelishimiz mumkinligi haqida fikr yuritmoqchiman.

HIMOYa

Avvalo, aytish kerakki, qanotlarda Alijonov va Sayfiyevga ega ekanimiz katta yutuqdir. Yaxshi texnika va pasga ega bo‘lgan, muhimi, jarima maydoniga yorib kira oladigan qanot himoyachilari – zamonaviy futbolda juda qadrlanadi. Agar har ikki qanot ham shunday futbolchilardan tashkil topsa, har qanday jamoa potensiali kuchli bo‘lishi bor gap. Bunday futbolchilar bilan ham qisqa, ham uzun paslar yordamida samarali harakat qilish oson. Ular yarimqanotdan (poluflang) ham yorib kirish, to‘pni nazorat qilishga qodir bo‘lishgani tufayli, jarima maydonida son jihatidan ustunlik qilish imkoni paydo bo‘ladi. Yoki hujum frontini kengaytirish orqali vingerlarga zonalar ochiladi – himoyachi butun qanot bo‘ylab o‘ynay olishi tufayli vingerlar kerak bo‘lganda bemalol ikkinchi hujumchi pozitsiyasiga o‘tib olishadi. Uch himoyachi bilan o‘ynash ehtiyoji paydo bo‘lganda ham, bunday himoyachilarning salohiyati qo‘l keladi.

Hatto boy, top-klublar ham doim mana shunday imkoniyatga ega bo‘lishi qiyin. Chunki mazkur xislatlarga ega himoyachini sotib olganingiz bilan, u shunchaki himoyachi emas, hujum tashkil qilish sistemasidagi muhim figura bo‘lishi talab qilinadi va doim ham futbolchi jamoaga mos tushavermaydi. «Barselona» Dani Alveshning o‘rnini hali ham to‘ldira olmadi, Gvardiola Mendini, Pochettino Oreni aynan shu maqsadlarda olib keldi, lekin jarohatlar tufayli bu murabbiylar ham hali «orzu jamoasi»ni qura olishmayapti. O‘z vaqtida, Karvaxal–Marselo juftligi yuqori sport formasida ekanida «Real» Yevropaning eng kuchli jamoasiga aylandi. Hozir esa, faqat «Liverpul» mana shunday kuchli qurol bilan maqtana oladi – Endryu Roberson va Trent Aleksander-Arnold.

Albatta, Alijonov–Sayfiyev juftligini hali yuqori saviyada sinab ko‘rmadik, lekin Abramov ham aynan mana shu quroldan foydalanishni istayotgani ko‘rinib turibdi. Lekin bundan samarali foydalanish, hujumkor himoyachilar jamoamizning ojiz nuqtasi bo‘lib qolmasligi, himoya chizig‘i butkul takomillashishi kerakligini anglatadi. Hali kuchli raqiblarga qarshi o‘ynamadik, ammo Singapur fonida ham himoyadagi tartibsizlik sezilgani xavotirimizni oshiradi. Malaka jihatidan u qadar kuchli bo‘lmagan singapurliklar juda oz hujum uyushtirishdi, shunday bo‘lsa ham, har bir hujumda himoyamizga savollar paydo bo‘ldi. Agar bunday vaziyatlarni payqaydigan va o‘z foydasiga ishlata oladigan kuchli jamoalar bilan o‘ynasak, bu holat kattaroq muammolar keltirib chiqarishi turgan gap.