Jamiyat | 08:13 / 16.10.2019
12591
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim vazirligi Samarqanddagi bog‘chalarda kuzatilgan ommaviy zaharlanish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi ishchi guruhi Samarqand shahridagi 80, 98 va 106-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlari (MTT) tarbiyalanuvchilari zaharlanishi holatlarini o‘rganib chiqdi. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, joriy yilning 10-11 oktabr kunlari jami 31 nafar tarbiyalanuvchi kasalxonaga yotqizildi. Ayni paytda bolalar ahvoli qoniqarli bo‘lib, ularning 25 nafari kasalxonadan chiqdi.

Zaharlanish sabablari Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan bolalar analizlariga, shuningdek ishchi guruh tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, oshxona jihozlari, xodimlar qo‘li va kiyimlaridan olingan surtmalar asosida aniqlanadi.

MTV 80, 98 va 106-sonli MTTdagi shart-sharoitlarni o‘rganib chiqdi. Ushbu MTTlarda ovqatlanish autsors usuli bilan tashkil etilgan. Bolalar salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlanmadi.

106-sonli MTT

Bolalar soni: 9 oktabr kuni – 285, 10 oktabr kuni – 257 nafar tarbiyalanuvchi

Zaharlangan bolalar soni: 7

MTTda markazlashtirilgan suv ta'minoti va kanalizatsiya hamda qozonxona ishlaydi. Barcha xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga muvofiq muzlatgichda saqlanadi, sutkalik namunalar olinadi.

98-sonli MTT

Bolalar soni: 9 oktabr kuni – 484, 10 oktabr kuni – 458 nafar tarbiyalanuvchi

Zaharlangan bolalar soni: 20

MTTda markazlashtirilgan suv ta'minoti va kanalizatsiya hamda qozonxona ishlaydi. Xodimlar rejali tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida.

Oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoidalariga muvofiq ombordagi ikkita muzlatgichda saqlanadi. Oshxonada muzlatgich mavjud emas, go‘sht va sabzavotlarni yuvish uchun vanna o‘rnatilmagan, xom go‘sht va sabzavotlar uchun stollar esa issiq sexda joylashgan. Hamshira xonasida bir muzlatgichdan sutkalik namunalar saqlanmoqda. Hojatxonalar dezinfeksiya qilinmasligi aniqlandi.

80-sonli MTT

Bolalar soni: 9 oktabr kuni – 232, 10 oktabr kuni – 326 nafar tarbiyalanuvchi

Zaharlangan bolalar soni: 4

MTTda markazlashtirilgan suv ta'minoti va kanalizatsiya hamda qozonxona ishlaydi. Barcha xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.

Guruhlarda unitazlar va rakovinalar soni yetarli emasligi aniqlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari ombordagi sovitgichda saqlanadi, mahsulotlarni saqlash qoidalarini buzish holatlari mavjud (tuxum va shakar yonma-yon saqlab kelinmoqda).Oshxonada muzlatgich mavjud emas, bir muzlatgichdan sutkalik namunalar hamshira xonasida saqlanadi, oshxona idish-tovoqlarini yuvish uchun vannalar o‘rnatilmagan.

80-sonli MTT faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.

Zaharlanish sabablari bo‘yicha yakuniy xulosa laboratoriya tahlili natijalariga ko‘ra chiqariladi.

Mavzuga oid