O‘zbekiston | 10:51 / 16.10.2019
30119
2 daqiqa o‘qiladi

Podpolkovnik Temur Abdullayev davlat muassasalari saytlariga hujumlar haqida ma'lumot berdi

2017 yilda davlat muassasalari saytlariga 600 dan ortiq hujumlar bo‘lgan, 2018 yilda ko‘rsatkich 30 foizga kamaygan. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «Zamonaviy harbiy mojarolar: mazmuni va olingan saboqlar» mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda aytib o‘tildi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bugun podpolkovnik Temur Abdullayev «Davlat axborot tizimlariga kibertahdidlarning o‘sishi muammolari» mavzusida ma'ruza qilgan.

Podpolkovnik Temur Abdullayev 

«Kibermakondagi vaziyat inqirozli ko‘rsatkichga yetdi. Kibermakonda 50 millionga yaqin xakerlar destruktiv harakatlar olib bormoqda. Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, kiberxavfsizlik sohasidagi holatni yaxshilash uchun xalqaro qonunchilik aktlarini ishlab chiqish va kibermakondagi jinoyat uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qarorlarni tezroq qabul qilish zarur.

O‘zbekistonda Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi mavjud. U barcha hodisalarni kuzatib boradi. Masalan, 2017 yilda davlat muassasalari saytlariga 600 dan ortiq hujumlar bo‘lgan. 2018 yilda mazkur ko‘rsatkich 30 foizga kamaygani kuzatilgan. Biroq, tendensiya mavjud va hujumlar davom etmoqda. Shuning uchun milliy makonda kiberxavfsizlikni ta'minlash juda dolzarb sanaladi», - deya Temur Abdullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, anjumanda BMT, YeXHT, NATO, YUNISEF, MDH, ShHTning MATM, Xalqaro qizil xoch, Jorj Marshall nomidagi Yevropada xavfsizlik masalalarini o‘rganish markazi, AQSh Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi, Belorus, Buyuk Britaniya, GFR, Italiya, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Hindiston, Xitoy va Qozog‘iston oliy harbiy ta'lim muassasalarining 200 dan ortiq vakillari – ekspertlar ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid