Biznesni yuritishda kadrlarning ahamiyati, uni tezkor zamonga moslashda texnologiyalarni qo‘llash, raqobatni yengish va doimo ommabop kompaniya maqomini saqlash borasida McDonald's –  o‘rnak bo‘lsa arzigulik kompaniya. Republic maqolasida mashhur fastfut tarmog‘ining shu yo‘nalishlardagi tajribasi haqida so‘z boradi.

Uch yil muqaddam McDonald's rahbari Stiv Isterbruk Madridda kompaniyaning mahalliy top-menejyerlari bilan uchrashishga qaror qilgandi. Yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferens-zalda g‘amgin kayfiyat hukm surardi. Menejyerlar «Barselona» va «Real Madrid» o‘yinlari kunlaridagi salbiy moliyaviy ko‘rsatkichlar sabab xafa edilar. O‘yin vaqtida odamlar uyda qolib, McDonald's’ning asosiy raqibi – Burger King'dan yegulik buyurtma qilishgandi.

Ana o‘shanda Isterbruk o‘zi boshqarayotgan kompaniya ko‘z o‘ngida «eskirib» borayotganini tushundi. Amerika restoranlar tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab muammolarga duch kelayotgandi. AQSh aholisi McDonald's burgerlariga qaraganda Chipotle burritolari va Chick-fil-A tovuqli sendvichlarini tobora ko‘proq afzal bilishayotgandi. Buyuk Britaniyada Deliveroo ilovasi orqali burgerlarning yuzlab turlarini buyurtma qilish mumkin edi.

Bularning bari moliyaviy ko‘rsatkichlarda aks etmay qolmadi: 2015 yilda, Isterbruk McDonald's rahbariga aylanishidan bir hafta oldin, kompaniya bir necha o‘n yillikdagi eng salbiy moliyaviy ko‘rsatkichlar haqida ma'lum qildi. 

Yilning eng muhim futbol uchrashuvlaridan biri vaqtida Ispaniyada kuzatilgan salbiy holat esa so‘nggi tomchi bo‘lgandi. Bloomberg Businessweek’ning yozishicha, ayni mana shundan keyin Isterbruk kompaniyani keskin o‘zgartirishga qaror qiladi. 

Stiv Isterbruk / Foto: Shannon Stapleton / Reuters

Ilk McDonald's

McDonald's tarixi XX asrning birinchi yarim yilligiga borib taqaladi. Aka-uka Dik va Mak Makdonaldlarning Kaliforniyada kichik yemakxonasi bor edi. Bu yerda xot-doglar bilan savdo qilinardi. 1940 yilda yemakxona tubdan qayta rekonstruksiya qilindi. Yangi joy McDonald's Bar-B-Q deb ataldi, unda 25ta turli pozitsiyalar mavjud edi.

Sakkiz yil o‘tgach, tamaddixona nomidan «Bar-B-Q» so‘zi olib tashlandi, menyu ham qayta ko‘rib chiqildi: unda faqat gamburger, chizburger, kartoshkali chipslar, qahva, ichimliklar va olmali pirog qoldi. Restoran bir vaqtda bir necha o‘nlab kishilarga xizmat ko‘rsata olardi.