O‘zbekiston | 09:23 / 23.10.2019
5763
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi jurnal tahririyati tashkil etiladi

“Baxshi” jurnali tahririyati tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Baxshi” jurnali tahririyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Tahririyatning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

Rejaga muvofiq jurnal uchun materiallar to‘plash, ular asosida ilmiy maqola va tahliliy materiallar tayyorlash, jurnalni har chorakda bir marta o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr etish va tarqatish;

xalqimizning boy tarixi va nomoddiy madaniy merosining asosiy tushuncha va tamoyillarini, shu bilan birga baxshichilik san'atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish;

baxshichilik san'atining sara namunalarini to‘plash va nashr etish orqali bu sohani yurtimizda va dunyoda keng targ‘ib qilish;

baxshichilik san'ati yo‘nalishidagi samarali usul-uslublarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalarni chop etish, milliy urf-odat, an'ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama yoritib borish;

mamlakatimizda madaniyat va san'at sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish;

baxshichilik san'ati tarixi, buguni va kelajagi to‘g‘risida ilmiy, badiiy ommabop maqolalar, esselar va boshqa publitsistik ijodiy matnlar bitgan mualliflarni belgilangan tartibda moddiy rag‘batlantirish (gonorar berish) choralarini ko‘rish.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda:

baxshichilik san'atini keng targ‘ib etishga mo‘ljallangan, har chorakda bir marta chop etiladigan (o‘zbek, ingliz va rus tillarida) respublika miqyosidagi Tahririyatni tashkil etishni;

Tahririyatning Ustavi va shtatlar jadvalini ishlab chiqish va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni;

Tahririyatning Toshkent shahar, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 42-uy manzilida joylashgan binoga ijara to‘lovisiz joylashishini ta'minlaydi.

Tahririyatning pul mablag‘lari quyidagilar hisobiga shakllantirilishi inobatga olinadi:

jurnallarni sotishdan tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning grantlari;

budjet mablag‘lari (subsidiya);

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid