O‘zbekiston | 09:33 / 23.10.2019
20213
2 daqiqa o‘qiladi

Parlament: yangi qonun loyihasi bilan tadbirkorlik sohasidagi «o‘lik jon»larga barham beriladi

Foto: KUN.UZ

Qonunchilik palatasining 22 oktabr kungi majlisida xalq vakillari «Tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishda o‘zaro bahsga kirishib ketdilar.

Qonunchilik palatasi saytiga ko‘ra, muhokama etilayotgan qonun loyihasi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tugatish jarayonlarini tartib va taomillarini yanada soddalashtirish, shaffofligini oshirishga qaratilgan.

Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlarini tugatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddat to‘qqiz oyni tashkil etishi belgilanmoqda. Ya'ni, endilikda tadbirkorlik sub'yekti shuncha muddat faoliyat yuritmasa, tugatilishi uchun asos yaratilmoqda.

Loyiha bilan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan Tadbirkorlik sub'yektlarining Yagona davlat reyestridan uch yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Harakatsiz rejimiga o‘tkazilgan korxonalar faoliyati uch yil davomida tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ularni tadbirkorlik sub'yektlarining Yagona davlat reyestridan chiqarib yuboradi. Ya'ni, tadbirkorlik sohasida “o‘lik jon”larga barham beriladi.

Loyiha parlament quyi palatasi tomonidan muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid