22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Surayyo Odilxo‘jayeva Kun.uz muxbiri bilan suhbatda vakillik organlariga saylovlarning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirib berdi.

Surayyo Odilxo‘jayeva – yuridik fanlari doktori, professor. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) va Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. 250dan ortiq ilmiy-ommabop materiallar muallifi. Ayni paytda JIDUning Xalqaro ommaviy huquq va davlat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri sifatida ishlab kelmoqda.

– Surayyo Mahkamovna, bu yil bo‘lib o‘tishi kutilayotgan saylovlarning oldingilaridan farqi nimada?

– Parlament saylovlari har qanday mamlakat uchun demokratiya va xalq irodasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodasi bo‘lish bilan birga davlat taraqqiyotini belgilovchi juda muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. Saylovlar – davlat landshaftini o‘zgartiruvchi, siyosiy kuchlar tafovutini ko‘rsatuvchi, davlatning kelajagini belgilovchi eng demokratik uslubdir.

Endi 2019 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga kelsak, ularning o‘ziga xos jihatlari ko‘p. Birinchidan, bu saylovlar barcha xalqaro standartlarni o‘zida aks etgan O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksiga asosan bo‘lib o‘tadi. 

Ikkinchidan, saylovlar Saylov kodeksining 28-moddasiga ko‘ra, ishtirokchilarning yagona elektron ro‘yxatiga ko‘ra amalga oshiriladi. Bu ro‘yxat haqqoniyligini maxsus saytda kuzatib borish mumkin.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan 15 deputatlik kvota bekor qilindi. Endi 150 o‘rin uchun (oldin 135 o‘rin edi) barcha partiyalar teng kurash olib boradilar.

– Fikringizcha, nima sababdan biz partiya liderlarining real debatlarini kuzatmaymiz? Mavzu yo‘qmi, ular andisha qiladilarmi yoki bu narsaga norasmiy taqiq qo‘yilganmi. Axir bu bahslar ko‘p jihatga oydinlik kiritishi mumkin-ku.

– Savolingizga huquq normalariga asoslanib javob beradigan bo‘lsam, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 45-moddasiga ko‘ra, saylovoldi targ‘ibotlari nomzodlarni ro‘yxatga olishning oxirgi muddatidan keyingi kundan boshlanadi. Ayni kunlarda barcha besh partiya ro‘yxatga olib bo‘lindi, endi partiyalar s'yezdlarida deputatlikka nomzodlarni ilgari surish boshlanadi. Demak, debatlar haqida gapirishga hali erta.