O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi «Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish Markazi» davlat korxonasi direktori Hasan Dadamuhamedov biz bilan suhbatda markaz faoliyati va mamlakatda shu sohada olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
– Respublikamizda bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Jismoniy tarbiya va sport sohasida so‘nggi yillarda katta islohotlar amalga oshirilib, tizimli rivojlanishga katta zamin yaratildi. Mazkur soha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Alohida vazirlik tuzilishi, tuman (shahar)larda tegishli bo‘linmalar ochilishi, sport federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyatiga alohida e'tibor berilishi oqibatida sport sohasi respublikada yangi rivojlanish bosqichiga chiqmoqda. Bu ishlarni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan shaxsan nazoratga olingani sohani jadal suratlarda rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2019 yil 4 sentabr kuni 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijadorligi va bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor majlisi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda proffessional sportchilarni tayyorlash jarayoniga alohida urg‘u berilib, bu borada ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sport farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va sport tibbiyoti masalasiga, har bir sport terma jamoalari bilan ishlaydigan ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etishga alohida ahamiyat qaratildi.
Bundan tashqari, joylarda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilishda ommaviy sport turlarini rivojlantirish, har bir tuman (shahar)ni ma'lum sport turlariga ixtisoslashtirish orqali ommaviylikni oshirish, samarali va sifatli seleksiyani amalga oshirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Shuningdek, umumta'lim muassasalarida sport obektlarini qurish va ta'mirlash, ixtisoslashgan sport maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularni zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlash, sport anjomlarining sifatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus laboratoriya tashkil etish chora-tadbirlari ham belgilab berildi.
Umuman olganda, bugungi kunda jismoniy tarbiya va sport sohasi jadal rivojlanishi natijasida bizning sportchilarimiz jahon sport arenalarda nufuzli o‘rinlarni olib, O‘zbekiston bayrog‘ini va madhiyasini butun dunyoga tanitib kelmoqda.
















