Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini belgilovchi qoidalarni yagona hujjatda jamlash;

davlat xizmatlari ko‘rsatishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning bevosita ishtirok etishini talab qiladigan hujjatlar va tartibotlar soni hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarning muddatlarini qisqartirish;

ma'muriy ish natijasida qabul qilinadigan ma'muriy hujjatlarga qo‘yilayotgan talablarni tizimlashtirgan holda Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli organlar tomonidan yagona huquqiy amaliyotni qo‘llash;

“Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun tamoyillarini keng qo‘llagan holda, formal kamchiliklar sababli davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish holatlarini bekor qilib, xatolarni to‘g‘rilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini berish orqali ma'muriy ish yuritishni to‘xtatib turish va tiklash institutini joriy etish;

yuridik va jismoniy shaxslardan boshqa davlat organlari va o‘zga tashkilotlardan olinadigan hujjatlar va ma'lumotlarning talab qilinishini bekor qilish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta'minlash, ularning mas'uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish;

tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kafolatlarini kuchaytirish.

Belgilanishicha:

Ro‘yxatga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qiladilar;

Davlat xizmatlari markazlari orqali yangi turdagi davlat xizmatlarini joriy etish Ro‘yxatga tegishli qo‘shimchalar kiritish orqali amalga oshiriladi;