Islom korporatsiyasi qurol, spirtli ichimliklar, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni moliyalashtirmaydi. Xizmatdan foydalangan mijozning mablag‘ni islom shariati qonunlari asosida sarflanishi ham nazorat qilib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 dekabrdagi “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 maydagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini amalga oshirish maqsadida, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida joriy yilning 22 avgust kuni tuzilgan “Islomiy darcha” xizmatini bankda tadbiq etish bo‘yicha kelishuvning shartlariga muvofiq, 2019 yilning 30-31 oktabr kunlari “Trastbank” rahbariyati va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi vakillari o‘rtasida o‘zaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki rahbarlari va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai, IT-loyihalarini boshqarish bo‘yicha eksperti Ibrahim Al-Saywed va loyiha menejyeri Muzaffar Nizomiddinovlar ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, islomiy bankchilik – dunyoning qator mamlakatlarida keng qo‘llaniladigan moliyalashtirish tamoyillariga mos keladigan moliyaviy xizmatlarning muqobil turidir.

Uchrashuv davomida Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai va loyiha menejyeri Muzaffar Nizomiddinovlar bank rahbariyati va tegishli bo‘lim mutaxassislariga “Islomiy darcha” tamoyillari va islom moliyasi to‘g‘risida o‘z taqdimotlarini namoyish qildilar. 

-      Assalamu alaykum va rohmatullohi va barakatuh, birinchi navbatda shuni mamnuniyat bilan aytamanki, O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurganimizdan juda mamnunmiz. Sababi, bizning tashrifimizning asosiy maqsadi, “Trastbank” orqali O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan musulmon va musulmon bo‘lmagan aholiga islomiy-moliyaviy xizmatlarni taklif qilish, shuningdek tashrifimizning ikkinchi sababi, Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqa buyuk ulamolar yurtiga bo‘lgan bizning mehr-muhabbatimiz, ana shu buyuk allomalarimiz o‘tgan yurt bizni o‘ziga jalb qiladi, - deydi Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi jamoasi rahbari Mohammed Maher Mannai.