O‘zbekiston Respublikasi prezidenti barcha davlat organi rahbarlariga kechki majlisbozliklarga chek qo‘yish, davlat xizmatchilari, shu jumladan, rahbarlarning shanba kuni 17:00dan keyin ishxonada qolmasliklari, yakshanba kunlari esa to‘liq oila davrasida bo‘lishni nazarda tutgan holda ishlarni tashkil etish bilan bog‘liq aniq ko‘rsatmalar berdi, deb yozmoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlar orasida:

davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish va xizmat hujjat aylanishi tizimini takomillashtirish;

davlat organlarida har bir lavozim pozitsiyalari bo‘yicha vazifalarni optimallashtirish, vazifalar dublikatiga yo‘l qo‘ymaslik;

barcha darajadagi davlat xizmatchilarining malakasi professionalligini oshirish;

«Davlat xizmati to‘g‘risida» qonun hujjatini ishlab chiqish singari chora-tadbirlar davlat xizmatchilari mehnat faoliyatini tartiblashga qaratilgan.

«Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasida quyidagi prinsiplarga asoslangan davlat xizmati tizimini yaratish maqsad qilingan:

vatanparvarlik va xalqqa xizmat;

qonuniylik;

fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

siyosiy neytrallik;

adolat, halollik va xolislik;

professionallik va chuqur bilimga asoslanganlik;

vatanparvarlik va xizmat vazifasiga sadoqat;

davlat xizmatiga qabul qilish va yuqori lavozimga ko‘tarilishdagi ochiqlik;

davlat xizmatchilarining ijtimoiy va huquqiy himoyalanganligi va h.k.

Yangi qonun loyihasida davlat xizmatchilarining ish vaqti masalasi ham e'tibordan chetda qolmagan. Unga ko‘ra davlat xizmatchisining ish vaqti mehnat qonunchiligi umum me'yorlariga asoslangan.