Muxlislarga «Chelsi» va «Manchester Yunayted»dagi o‘yinlari orqali tanish bo‘lgan, serbiyalik yarimhimoyachi Nemanya Matich «MYu» rasmiy sayti uchun o‘z bolaligi, hayoti haqida so‘zlab berdi.
To‘p devordan oshib ketayotganini ko‘rib, bir zum qotib qolasan. «Tosh, qaychi, qog‘oz»dan boshqa umid qolmadi. To‘pni olib kelish uchun faqat shundan foydalanish mumkin, chunki hech kim naryoqqa o‘tishni istamaydi. Axir kim ham qabriston hovlisiga tushishga rozi bo‘lardi? O‘zim katta bo‘lgan serb qishlog‘idagi ilk futbol maydonim o‘sha bo‘lgan. Qabristonga tutashgan loyqa yer.
U yerda o‘t o‘smasdi, shuning uchun maydon ob havoga qarab, yo juda loy yoki juda qattiq bo‘lardi. Shu darajada do‘ng, o‘nqir-cho‘nqir ediki, to‘p aytilgan joyga yetib bormasdi, yoki kutilmaganda sening oldinga kelib qolishi mumkin edi. Doim to‘pni kuzatib, hamma narsaga tayyor turish shart edi.
Men aholisi 1500 kishi bo‘lgan kichik qishloqda katta bo‘lganman. Do‘stlarim ko‘p edi, butun yoshligim futbol bilan o‘tgan, shuning uchun maydon tanlash imkoniyati yo‘q edi – shunchaki, o‘sha yerga borib o‘ynardik, shu. Uyga qaytganimda esa, ota-onam faqat ko‘zlarimdan tanib olishar, chunki butun vujudim loyga botgan bo‘lardi.
Ammo bu hayot menga yoqardi. Futbol oilamiz uchun ham muhim edi. Otam futbolchi bo‘lgan. Akam ham futbolchi, hozir u «APOEL»da o‘ynaydi, tabiiyki, men ham ularning yo‘lidan ketdim. Otam mening birinchi murabbiyim bo‘lgan, lekin uning qo‘l ostida shug‘ullanishni yomon ko‘rardim. Hatto bir o‘yinda beshta gol ursam ham, u yomon o‘ynaganimni aytar, doim nimadandir kamchilik topardi. Boshqa bolalarga, hatto akamga nisbatan ham bunchalik qattiqqo‘l emasdi, lekin mendan nuqul ko‘prog‘ini kutardi. Doim.
Bir kuni nihoyat u menga yaxshi o‘ynaganimni aytdi. Albatta, buni juda yaxshi eslayman. Yevropa Ligasi yarim finalidagi «Benfika» – «Fanerbahche» uchrashuv edi. «Sen yaxshi o‘ynading» – dedi u o‘yin tugagach. Bu birinchi va oxirgi marta edi. Men hech qachon nega u menga bu qadar talabchan ekanini tushunmasdim, ammo keyinchalik, ortga qaraganimda, hammasi mening foydamga bo‘lganini tushundim. Lekin yetti yoshli Nemanya, albatta, otasi qo‘l ostida shug‘ullanishni yomon ko‘rardi.
Yozgi ta'tillarda biror yerga sayohatga borishga qurbimiz yetmasdi, lekin bu men uchun yaxshi ham edi. U paytlarda mamlakatimiz og‘ir iqtisodiy ahvolda bo‘lgan, shunday bo‘lsa-da, o‘z uyimda o‘tkazgan ta'tillarim menga juda yoqardi. Biz futbol, voleybol, basketbol o‘ynardik, qo‘shni qishloqlar bilan birgalikda har xil turnirlar uyushtirish bilan vaqt o‘tkazardik. Butun yoz mana shunday musobaqalar bilan o‘tardi. Ayniqsa, boshqa qishloqlardan jamoalar kelganida, turnir yanayam qizir, ko‘nglimizda xuddi «Partizan» va «Tsrvena Zvezda» qarama-qarshiligi kabi, juda shiddatli olov yonardi. Biz o‘z qishlog‘imiz uchun o‘ynar ekanmiz, boshqa joydan kelib, mag‘lub etishlariga chiday olmasdik.






















