«O‘zbekiston pochtasi» faoliyatini jonlantirish, uni qarz botqog‘idan olib chiqib, daromadli sohaga aylantirish AKT vazirligi oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Bu haqda 6 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da vazir Shuhrat Sodiqov aytib o‘tdi.

Vazir «O‘zbekiston pochtasi» AJ 2018 yilni 27,8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlaganini qayd etib o‘tgan. Rossiyalik Yevgeniy Birger rahbarligi vaqtida jamiyat tomonidan yangi xizmat turlarini joriy etishga yetarlicha e'tibor berilmagani natijasida daromadlar hajmi 47 foizga kamayib ketgan. Pensiya va ijtimoiy nafaqalarni yetkazib berish xizmati to‘liq Xalq bankiga o‘tkazilgani ham daromadlar xarajatlarga nisbatan kamayib ketishiga olib kelgan.
Vaziyatni o‘nglash va jamiyat daromadlarini oshirish maqsadida 2019 yilning 9 oyida 10ta yangi xizmat joriy etilgan. Jumladan, qator internet do‘konlaridan xarid qilingan tovarlar pochta orqali yetkazib berilmoqda, Rossiya, Qozog‘iston va qator Yevropa mamlakatlariga pochta jo‘natmalarini yetkazib berilmoqda, «Gibrid pochta» xizmati yo‘lga qo‘yildi.

«Gibrid pochta» – pochta aloqasi hamda telekommunikatsiya tarmoqlari yordamida xat-xabarlarni oluvchilarga yetkazish xizmati. Bundan elektron ko‘rinishida tayyorlangan ma'lumotlar (xat, xabarnoma, qaror, bilidirishnoma va boshqalar) boshqa idoralarga yetkazib beriladi. Ma'lumotlar «Gibrid pochta» tizimi bazasiga kelib tushgach, ular pochta korxonasi tomonidan qog‘oz ko‘rinishida konvertlanadi va manzillar buyicha adresatlarga yetkazib berish uchun yuboriladi. Har bir jo‘natma to‘g‘risida shtrixkod orqali maxsus dasturdan yoki www.pochta.uz saytidan ma'lumot olish mumkin. Bugungi kunda mazkur tizim orqali IIV, Yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasining qarorlari, Prokuratura huzuridagi Toshkent shahar Majburiy ijro byurosining xabarnomalari manzillarga yetkazib berilmoqda.
«Qo‘shimcha ravishda 228ta pochta aloqasi obektlarida «Alskom», «Kafolat», «O‘zbekinvest», «O‘zagrosug‘urta» va «Alfa-invest» sug‘urta kompaniyalarining polislarini sotuvi yo‘lga qo‘yildi, ushbu xizmatlarni ko‘rsatadigan pochta aloqasi obektlari soni 1174taga yetkazildi. 131ta pochta aloqasi obektlarida Tezkor pochtani qabul qilish-jo‘natish ishlari tashkil etilib, ushbu xizmat yo‘lga qo‘yilgan obektlar soni 325taga yetkazildi. 111ta pochta aloqasi obektlarida Kurerlik xizmati yo‘lga qo‘yilib, jami obektlar soni 268taga yetkazildi», deya Shuhrat Sodiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.














