Chorshanba oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida guruh bosqichining 4-turi doirasida yana 8ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.

A guruhi
«Real» — «Galatasaroy» — 6:0 (Rodrigo, 4, 7, 90+2. Ramos, 14 — penalti. Benzema, 45, 81)

Chempionlar ligasining bu mavsumida «Galatasaroy» juda g‘arib ko‘rinmoqda. Yozda Radamel Falkao bilan tarkibni kuchaytirgan Fotih Terim jamoasidan «Real» va «PSJ» kabi grandlar bilan bir guruhda bo‘lsa-da boshqa natija kutilgandi. Ammo istanbulliklar 4 o‘yinda bitta ham gol ura olishmadi va bir ochko bilan so‘nggi o‘rinda joylashishdi.

Terim o‘yindan oldin matbuot vakillarini bu o‘yin finalga teng bo‘lishiga, «Galatasaroy»ning yo‘qotadigan hech narsasi yo‘qligi va jamoa g‘alaba uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishiga ishontirgandi. Ammo 14-daqiqadayoq uchrashuv g‘olibi qaysi jamoa bo‘lishi oydinlashib qoldi.

Aftidan Zinedin Zidan boshchiligidagi «Real» asta-sekin o‘ziga kelmoqda. Bu turda eng ko‘p golni ushbu jamoa urdi. Endi jamoa Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqishiga hech kim shubha qilmaydi.

«PSJ» — «Bryugge» — 1:0 (Ikardi, 21)

Tumas Tuxel jamoasi amalda uchinchi turdan keyinoq pley-off yo‘llanmasini hal qilib qo‘ygandi, ammo nazariy jihatdan intriga saqlanib qolgandi. Hech kim «PSJ» o‘z maydonida «Bryugge»ga yutqazishi haqida o‘ylamayotgandi. Garchi belgiyaliklar «Santyago Bernabeu»da qahramonlik ko‘rsatishgan bo‘lishsa-da, uchinchi turda fransuzlar qarshisida ojiz qolishgandi.

Parijdagi javob o‘yini ham o‘xshash ssenariy bilan boshlandi: «PSJ» katta kuch sarflamasdan yaxshigina vaziyatlarga ega bo‘ldi va faqat ulardan bittasidan foydalandi. Ikardi odatdagi ishini qildi - gol urdi.

Ikkinchi bo‘lim zerikarli kechdi. Mezbonlar ortiqcha kuch sarflashni istashmadi, mehmonlarning qo‘lidan hech narsa kelmadi. «PSJ» rasman YeChL pley-off bosqichiga chiqdi.