O‘zbekistonda yong‘in o‘chirish amaliy sportini rivojlantirish hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida jismoniy tarbiya va sportni takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, yong‘in o‘chirish amaliy sportining moddiy-texnik bazasini bosqichma-bosqich mustahkamlash bo‘yicha Kompleks dastur hamda zamonaviy sport majmualarini 2020-2022 yillarda yangidan qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha Kompleks dastur tasdiqlanadi.
Kompleks dasturni amalga oshirish doirasida ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar etib quyidagilar belgilanadi:
yong‘in-qutqaruvchilarning jismoniy va kasbiy mahoratini oshirish;
kasbiy sport turi faoliyatini takomillashtirish orqali yong‘in-qutqaruvchi kasbini yoshlar orasida ommalashtirish;
yong‘in o‘chirish amaliy sportining moddiy-texnik va o‘quv-mashg‘ulot bazasini rivojlantirish;
ilg‘or jahon tajribasi asosida yong‘in o‘chirish amaliy sportini rivojlantirish uchun zamonaviy sport inshootlarini barpo etish, mavjud sport inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy sport texnikalari va anjomlari bilan ta'minlash.
Kompleks dasturlarni, shuningdek, kelgusida yong‘in o‘chirish amaliy sportini rivojlantirishni moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosli hisob kitobiga muvofiq har yili Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan budjet mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;
Xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlarining vakillari hamda donor mamlakatlarning kredit va grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yaratishga ko‘maklashish maqsadida dasturga kiritilgan sport majmualarini qurish va rekonstruksiya ishlari yakuniga yetganidan so‘ng, vazirlikning tasdiqlangan hisob-kitoblari bo‘yicha boshqa vazirlik va idoralarga shartnoma asosida hamda fuqarolarga naqd pul hisobida foydalanish uchun berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.















