Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov Kun.uz’ga xabar qilishicha, 2019 yil 23 oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida ushbu ish doirasida sudlanuvchilar Timurxo‘ja Javdatxo‘jayev, Kamoliddin Ahmedov (Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan), Abdushukur Abdukarimov, Said To‘xtayev (Toshkent shahar Chilonzor tumani qurilish bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan), Mirsattor Radjapovga (yurist) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, T.Javdatxo‘jayev 2017 yil fevral oyida M.Radjapovga Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo‘lim boshlig‘i K.Ahmedovni Vazirlar Mahkamasi xodimi sifatida tanishtirgan. M.Radjapov va fuqaroviy da'vogar B.Fatilloyev pora berishga dalolat qilingan.

Javdatxo‘jayev va Ahmedov hokimlikda yuqori lavozimda tanishlari borligini aytib, Chilonzor va Yashnobod tumanlaridan 1 mln 190 ming AQSh dollari evaziga egalik huquqi asosida yer ajratish haqidagi Toshkent shahar hokimining qarorini chiqartirib berishni va'da qilishgan. Shuningdek, ishonchga kirish uchun soxta hujjatlar tayyorlashgan. K.Ahmedov O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripovning nomi bilan rasmiylashtirilgan soxta bayonnoma, shuningdek, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va hokimlikning boshqa mas'ullari nomidan tuzilgan soxta qarorni M.Radjapovga taqdim etgan.

Sudlanuvchi T.Javdatxo‘jayev 2017 yil fevral oyidan 2018 yil sentabr oyiga qadar Toshkent shahrining turli joylarida M.Radjapovdan jami 527 ming AQSh dollari olib, shundan 67 ming dollarini K.Ahmedovga bergan. Ular jinoiy harakatlarini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olishmagan va yana 663 ming AQSh dollarini qo‘lga kirita olishmagan.

Xuddi shunga o‘xshash ishni fuqaroviy da'vogar M.Akoyevaga nisbatan ham takrorlashgan. Unga Uchtepa tumanidan yer olib berishni va'da qilib 40 000 AQSh dollari olishgan.

So‘ngra T.Javdatxo‘jayev A.Abdukarimov va Toshkent shahar Mirobod tumani Bosh arxitektori yordamchisi lavozimida ishlagan C.Agzamxodjayev bilan ham o‘zaro til biriktirib, jabrlanuvchi A.Nabiyevga 15 000 AQSh dollari evaziga Mirobod tumani hududidan yer olib berishni va'da qilishgan. Nabiyevdan 2017 yil noyabr-dekabr oylarida jami 11 700 AQSh dollar olishgan.