Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan «O‘zdonmahsulot» AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste'molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi.

Bu esa mahalliy dondan tayyorlangan un va qolipli non narxining oshishiga olib kelib, o‘z navbatida aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, tahlillar qolipli non narxining keskin oshishiga quyidagi omillar sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda:

1. Davlat tomonidan don va un sotib olish narxini sun'iy ravishda ushlab turish siyosatidan voz kechilib, Vazirlar Mahkamasining 866-sonli qaroriga muvofiq, «O‘zdonmahsulot» AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan un va qolipli non narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar va ularning strategik turlari ro‘yxatidan chiqarildi.

Bunga qadar, aholining unga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilardan g‘allani past narxlarda sotib olish mexanizmi amal qilgan bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining har oylik bayoni asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga yopiq birja savdolari orqali mahalliy bug‘doy uni sotib kelingan.

Oqibatda fermerlar va don korxonalarining iqtisodiy zarar ko‘rishi, ular moddiy-texnika bazalarini yaxshilay olmasliklari, hosildorlikni oshirishga bo‘lgan rag‘batning tushib ketishiga olib keldi.

Ma'lumot uchun: davlat ehtiyojlari uchun sotib olingan g‘alla narxi 2017 yilda – 550, 2018 yilda – 750, 2019 yilda esa – 1420 so‘m etib belgilangan.

Ko‘p yillar davomida amal qilib kelgan mazkur tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini arzon narxli qolipli nonga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat bo‘lishi bilan birga, turli korrupsiyaviy sxemalarning vujudga kelishiga, arzon narxlarda sotib olingan undan qolipli non ishlab chiqarmasdan unni bozorlarda sotish orqali mo‘may daromad olinishiga, mahalliy unning aholiga qat'iy o‘rnatilgan davlat narxlarida yetib bormasligiga olib kelgan.