Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bu «buxanka» non narxining oshishi mavzusi bo‘lmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra non narxi 1500 so‘m atrofida bo‘lishi bildirilgandi. Lekin taxminlar o‘zini oqlamadi va «buxanka» bahosi yana ko‘tarila boshladi. Buning sabablarini o‘rganish maqsadida soha mutaxassislari bilan suhbat qildik.
Suhbatdoshlarimiz Moliya vazirligi agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof-muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Mirzayev va Davlat statistika qo‘mitasi narxlar statitistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov bo‘lishdi.
«Non ishlab chiqaruvchilar hali to‘la quvvat bilan ishlamayapti». Mutaxassislar narx bilan bog‘liq vaziyatga izoh berishdi
– Fikringizcha, buxanka non narxi qanday ko‘rsatkichlargacha oshib boradi? Bu borada biror prognoz bormi?
To‘lqin Mirzayev: – Hozirgi oshishlarga ham fundamental asoslar yo‘q edi. Ya'ni biz birjalarga unni zaxirasi bilan chiqaryapmiz, bahoda keskin ko‘tarilish yo‘q, ishlab chiqaruvchilar faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun ham barcha choralarni ko‘rganmiz. Qolipli non bahosi yaqin kelajakda oshishiga sabab ko‘rmayapman.
Muxtor Umarov: – Garchi prognozlash vakolatimizga kirmasa-da, asosiy ishimiz narxlarni o‘rganishdan iborat bo‘lsa-da, yuqoridagi fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki narxlar dinamikasiga e'tibor bersak, ma'lum muddatli o‘sish barqarorlashish bilan almashmoqda. Endi yana oshishga asos yo‘q.
– Non tayyorlash zanjirida faqat un QQS bilan qolib ketgan. Sababi, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan non narxini saqlash maqsadida don yetkazib beruvchilar QQSdan ozod qilindi. Ammo un savdosida QQS hisoblangani sababli bahosi oshyapti. Un asosiy mahsulotlardan bo‘lgani uchun uni ham QQSdan ozod qilish rejasi bormi?
To‘lqin Mirzayev: – Non va bug‘doyda QQS qo‘llanmagani sababi ham ijtimoiy himoyaga borib taqalardi. Non va un mahsulotlari narxlar erkinlashtirilganidan keyin ushbu mahsulotlarni QQSga tortish tizimi o‘zgargani yo‘q. Bir kilogramm un mahsulotining joriy yil 15 oktyabrgacha amalda bo‘lgan narxida QQS 67,7 so‘mni yoki bor yo‘g‘i 4,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu soliq bir kilogramm hisobiga o‘rtacha 56 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda yoki narxning 2,4 foizini tashkil etmoqda. Demak, bu zanjirda faqat unda QQS saqlanib qolgani faqat ramziy xarakterga ega, ya'ni non narxida katta rol o‘ynamaydi.















