Jahon | 01:00 / 12.11.2019
18576
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Qrim sababli Rossiya bilan “urush holatida” ekanligi aytildi  

Foto: RIA "Novosti"

Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Kuleba Ukraina Rossiya bilan deyarli “urush holatida” ekanini va bu vaziyat “bosib olingan hududlar”, jumladan Qrim qaytarilgandan keyingina tugashi mumkinligini aytdi.  

“Men Rossiya bilan urush tugashi tarafdoriman. Men uzoq muddatli istiqbolda o‘z munosabatlarimizni normallashtirish tarafdoriman, biroq bu “oldig-u, unutdik” qabilida bo‘lmaydi. Rossiya o‘z tajovuzi uchun haq to‘lashi lozim. Urushning yakun topishi, bunga qancha vaqt ketmasin, tajovuz uchun to‘langan pullar va Qrimning qaytarilishi bo‘ladi”, deb aytgan Kuleba “RBK-Ukraina” nashriga bergan intervyusida.

Ukraina vakili “tovon puli” qiymati hozircha noma'lumligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, Qrim albatta bir kun kelib Ukraina tarkibiga qaytadi. Bu esa Rossiya maksimal zaiflashgan vaqtda yuz berishi mumkin, shunday vaziyatda yarimorol “Rossiya qo‘llaridan sirg‘anib chiqib ketadi”.

Siyosatchining fikricha, ungacha esa Rossiya bilan “urush” davom etadi. “Biz bu urushda Qrim uchun jang qilamiz. Jang qilish deganda, birinchi navbatda, siyosiy-iqtisodiy yo‘lni nazarda tutmoqdaman”, deb ta'kidlab o‘tgan Kuleba.

Qrim 2014 yil martida yarimorolda o‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra Rossiyaga tarkibiga qo‘shib olingandi. Moskvada bir necha marotaba ta'kidlanganidek, Qrim aholisi demokratik yo‘l, xalqaro huquq va BMT nizomiga to‘liq mos holda Rossiya bilan birlashish uchun ovoz bergan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ta'kidlashicha, “Qrim masalasi batamom yopilgan”.

Mavzuga oid