Non kompensatsiya to‘lovlari uchun 2019 yilda respublika budjeti hisobidan 604 mlrd. so‘m (63 mln dollar) ajratilgan. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha jami 1,7 mln. nafar fuqaroga to‘lanayotgan pul kompensatsiyasi miqdori oshirildi.
Shuningdek, pul kompensatsiyasi oluvchi toifalar soni 2 taga ko‘payib, 11 toifaga yetkazildi, ya'ni 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab qo‘shimcha ravishda 64,9 ming nafar fuqaro hamda 218,1 mingta oilaga ilk marotaba pul kompensatsiyasi joriy qilindi.
Kompensatsiya oluvchilar soni qancha?
Pensiya jamg‘armasi orqali pul kompensatsiyasi oluvchilar soni 1,4 mln. nafarni tashkil etdi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali pul kompensatsiyasi oluvchilar soni 514,4 ming nafarni tashkil etmoqda.
Bugungi kunga kelib pul kompensatsiya oluvchi aholi qatoriga qo‘shimcha ravishda ikki toifa qo‘shilishi natijasida pul kompensatsiyasi oluvchilari soni 18,5 foizga oshib, 2,0 mln. nafarni tashkil etmoqda.
Kompensatsiya to‘lovi uchun qancha mablag‘ sarflanmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan shu yilning oktabr-dekabr oylarida pul kompensatsiyalarini yangi miqdorlarda to‘lash uchun, qo‘shimcha tarzda 189 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi (Pensiya jamg‘armasi tomonidan tayinlangan pensiya va nafaqa oluvchilari uchun 125 mlrd. so‘m va mahallalar tomonidan tayinlanadigan nafaqalar va moddiy yordam oluvchilar uchun 64 mlrd. so‘m).
Umumiy hisobda non kompensatsiyalari to‘lovi uchun 2019 yilda respublika budjeti hisobidan 604 mlrd. so‘m ajratilgan.
Kompensatsiya to‘lovi qanday amalga oshirildi?
Pensiya jamg‘armasi tomonidan 3 oktabr sanasida oktabr oyi pul kompensatsiyasi uchun (22 300 so‘mlik miqdorda) to‘lov vedomostlari shakllantirilib, Xalq banki va tijorat banklari tomonidan to‘lovlar amalga oshirilganligi sababli, oshgan miqdorlari farqi (ya'ni, 27 700 so‘m) bo‘yicha 15 oktyabrda qo‘shimcha vedomostlar tuzilib, oyning 27 sanasiga qadar to‘lanishi ta'minlandi.
Shuningdek, kompensatsiya to‘lovi yangi joriy etilgan eng kam yoshga doir pensiya (436 150 so‘m) miqdorida pensiya oluvchilarga 2019 yil 1 oktyabrdan kompensatsiyalar tayinlanib, noyabr oyi vedomostiga 100 000 so‘m miqdorida (ya'ni, oktabr va noyabr oylari uchun 50 000 so‘mdan) kiritildi.
















