O‘zbekiston | 01:15 / 16.11.2019
27766
3 daqiqa o‘qiladi

Talab bor, ish ko‘p, yaxshi xodimlarni ishga qabul qilishga doim tayyormiz - Kun.uz rahbarlari intervyusi

Kun.uz bosh muharriri Umid Shermuhamedov va sayt direktori Maxsud Asqarov «Qo‘shni mahalla» Telegram-kanali blogeri bilan suhbatda bo‘ldi.

Suhbat davomida sayt rahbarlari loyihaning o‘tmishi va buguni, jamoadagi muhit va kadrlar siyosati, raqobatchilarga munosabat, bosimlar va murojaatlar, so‘z erkinligi va tanqid, maqtov va haqorat, dizayn va logotip, davlat darajasidagi yirik tadbirlarni yoritish va boshqa qator masalalarda o‘z fikrlarini bildirishdi.

«Kun.uz'ning asosiy prinsiplari? Bu — birinchi navbatda o‘z vijdonimizga xiyonat qilmaslik, ko‘nglimiz tortmagan ishni qilmaslik. Bizning soha shundayki, ba'zida inson o‘ziga yoqmagan narsalarni ham qilishiga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Shunaqa paytda yo‘q deya olish kerak. Yoqmayaptimi, vijdoning qabul qilmayaptimi — shu ishni qilma. Yordam bera olmasang, zarar ham qilma», — deydi sayt bosh muharriri Umid Shermuhamedov.

Loyiha rahbari jamoaga professional jurnalistlarni ishga qabul qilishga tayyorligini aytib, jurnalist moddiy tomondan o‘ziga to‘q yashashi kerak, deb hisoblashini ta'kidlab o‘tdi.

«Biz yaxshi xodimlarni ishga qabul qilishga doim tayyormiz.  Talab bor, ish ko‘p. O‘z ishining ustasi bo‘lsa, 40 nafar jurnalistni ham ishga olamiz.

Oyliklar sir saqlanmaydi, o‘rtacha — 6 million so‘m. Eng yuqorisi 8-10 million. Lekin bu ham eng yuqori nuqta emas. Men bir necha yil oldin jurnalistlarga: «Sizlarning oyliklaringiz kamida ming dollar bo‘lishi kerak», deb aytib turardim. Shu darajaga yetdik ham.

Endi niyatim — ularning oyligini 2 ming dollargacha olib chiqish. Chunki jurnalist o‘ziga to‘q bo‘lsa, boshqa ish qidirmay, xotirjam ishlasa, ishida unumdorlik ham, sifat ham bo‘ladi.

Jurnalist yaxshi oylik olishi kerak, deb hisoblayman. Birovning cho‘ntagiga qarab, kimni maqtasam ekan, bu odamni menga foydasi tegadi, bu esa meni qo‘llab yuborishi mumkin... Jurnalist bunaqa fikrda bo‘lmasligi kerak. U yaxshi oylik olishi, mashina minishi, Toshkentda propiskasi va hech bo‘lmasa 2 xonali uyi bo‘lishi kerak», — deydi Umid Shermuhamedov.

Ma'lumot uchun, Kun.uz 2012 yilning yanvaridan faoliyat boshlagan, 2014 yilda hozirgi muassislar tasarrufiga o‘tgan. Saytga kuniga o‘rtacha 400 ming atrofida foydalanuvchi tashrif buyuradi. Loyihaning barcha ommabop ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari alohida rasmiy maqomga ega.

Mavzuga oid