Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti biznes huquqi fakulteti professori Alisher Umirdinov “Yaponiyani o‘rganamiz” turkum maqolalarining birinchisida ushbu mamlakatda davlat xizmatchiligi qay tarzda yo‘lga qo‘yilganligi borasida so‘z yuritadi.

2019 yil dekabr oyida O‘zbekiston prezidentining Yaponiyaga ilk rasmiy davlat tashrifi kutilyapti. Ushbu orol davlatda yashab kelayotgan 3000dan ziyod o‘zbeklar qatorida men ham bu hodisani intiqlik bilan kutyapman. 

 Odat bo‘yicha davlat tashrifi davomida turli dastur va marosimlar uyushtiriladi. Uchrashuvlar markazida – siyosatchilar va mulozimlarning o‘zaro muzokaralari. Muzokaralarning muvaffaqiyati esa ko‘p jihatdan kim bilan uchrashayotganingizni, stolning narigi tomonida qanday odamlar o‘tirganini bilishingizga bog‘liq. 

Yaponiyada davlat xizmatchiligi qanday yo‘lga qo‘yilgan, yapon siyosatchilari va davlat xizmatchilari qanday odamlar va qanday ishlashadi – shu haqda bugungi maqolamiz.

Suhbatimizni tarixdan boshlasak. 1868 yilda Yaponiya o‘zining 200 yillik dunyodan yopilib olish davrini tugatdi – dunyoga ochila boshladi.

Tiklanish davri (Meiji davri. 1868-1912 yillar) Yaponiyaning tezkor rivojlanish, okean ortida yig‘ilib qolgan ilmlarni jadal o‘zlashtirish davri bo‘ldi. Keyin esa...

Dunyoga ochilganidan keyin atigi 40 yil o‘tib Yaponiya Xitoyning Sin imperiyasini hamda Rossiyani urushda yengdi! Yaponlar qanday qilib bunga erishishdi? Qisqa davrda qudratli davlatga aylanish tarixi bugun hammaga qiziq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. 

Omillar ko‘p, ammo hozirgacha Yaponiyaning rivojiga xizmat qilib kelayotgan, o‘zgarmagan bir omil bor, bu ham bo‘lsa – ishchan, millatiga o‘ta sodiq yapon siyosatchilari va davlat xizmatchilari. Ularning sifatlari hamda yapon davlatchiligi tizimi qisqa muddatda o‘ta qoloq Yaponiyaning jadal rivojlanishiga, kalondimog‘ Yevropaning ham Yaponiyani tan olishiga olib keldi.

“Hammasi davlat farovonligi uchun!” – dunyo ilmini jamlovchi yapon siyosatchilari 

1868 yilda Tokugava Shogunatlik davri tugab, imperator Meiji tomonidan davlat to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqariladigan bo‘ldi. Hukumat 5 moddadan iborat Imperial qasam (Gokajo No Goseimon)ni e'lon qildi. Uning 5-moddasida “Imperiya farovonligini oshirish uchun ilm-fan butun dunyodan yig‘ib kelinishi lozim”ligi belgilandi. Imperator Meiji va uning vazirlari Yaponiya Yevropa va AQShga o‘lja bo‘lib qolmaslik uchun ilm-fanni taraqqiy ettirishga o‘sha paytdayoq qaror qilishdi.