FIFA kunlari yakuniga yetib, ushbu haftaning dam olish kunlari Superliga bahslari davom ettiriladi. Uch haftadan ko‘proq vaqt davomida dam olgan jamoalarimiz endi bir haftada uchta uchrashuvni o‘tkazib, mavsumni yakunlashadi. Kelayotgan shanba va yakshanba kunlari Superliga 24-tur uchrashuvlari doirasida bizni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi.

 Superliga. 24-tur
23 noyabr, shanba
QO‘QON-1912 – AGMK
Bosh hakam: Sherzod Qosimov
O‘yin boshlanish vaqti: 14:30
TV-translatsiya: Sport TV

Turnir jadvalida deyarli yonma-yon borayotgan jamoalar “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida AGMK klubini qabul qiladi. Vodiyliklar so‘nggi turda Buxoroda g‘alabaga erishib, “xavfli zona”dan uzoqlashgan bo‘lishsa-da, butkul “qochishdi” deb bo‘lmaydi. Aynan ushbu turdagi bahsdan keyin jamoa ligada qolish vazifasini bajarishi mumkin. Ammo Mirjalol Qosimov jamoasi ham so‘nggi uchta bahsdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. “Konchilar” “Nasaf” va “Bunyodkor”ni mag‘lub etishdi, “Lokomotiv” bilan durang qayd etishdi. O‘z navbatida qo‘qonliklar o‘z maydonlaridagi so‘nggi uchta o‘yindagi mag‘lubiyatli seriyani buzishga intilishlari aniq.

Qo‘qondagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2018 yil. Qo‘qon-1912 – AGMK – 1:2
2017 yil. Qo‘qon-1912 – AGMK – 3:0
2016 yil. Qo‘qon-1912 – AGMK – 2:1
Imkoniyatlar: 30/40/30 

MeTALLURG – DINAMO
Bosh hakam: Jasur Muxtorov
O‘yin boshlanish vaqti: 14:30

So‘nggi marta Bekobodda avgust oyida g‘alaba qozongan “Metallurg” jamoasi bu turda joriy mavsumda safardagi birorta o‘yinda ham 3 ochko ololmagan “Dinamo” klubini qabul qiladi. Turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqsak, Bekoboddagi uchrashuv mezbonlardan ko‘ra, mehmonlar uchun muhimroq. Superligada qolish uchun kurashayotgan Samarqand klubi qator mag‘lubiyatlardan keyin safarga faqat g‘alaba ilinjida borishga majbur. Tachmurod Agamurodov shogirdlari oxirgi turlarda asosiy raqobatchilari “Buxoro”dan o‘zib keta olishmasa, Superligadan tushib ketishlari mumkin. Ammo, Bekobod jamoasi ham Qo‘qon va Navoiydan ochko bilan qaytib, yaxshi sport formasiga kirayotganligini namoyish etgandi. Shunday ekan, ushbu jamoalar o‘rtasida bahs ham jangovar ruhda o‘tishi aniq.