Joriy yilning 22 noyabr kuni Lombardiya hududi gubernatori boshchiligidagi Italiya delegatsiyasining tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Italiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ushbu darajadagi tadbirlarning o‘tkazilishi investitsiya, savdo-iqtisodiy va bank sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli amaliy masalalarini muhokama qilish nuqtai nazaridan muhimligini ta'kidlab o‘tdi.

“MDH mamlakatlarining barchasi bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvlarning mavjudligi hamda O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi – o‘ziga xos simbioz bo‘lib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun aholisi 300 million kishidan ortiq katta bozorga bojlarsiz kirish imkonini ochib beradi. 

Ko‘plab mamlakatlar investorlari o‘z mahsulotlarini MDH mamlakatlari va O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarga olib kirish maqsadida O‘zbekistonda raqobatbardosh ishlab chiqarishni yaratgan holda ana shu afzallikdan allaqachon foydalanishmoqda”, - dedi Sardor Umurzoqov.

“Joriy yilda O‘zbekiston tarixida ilk marta investitsiyalarning mamlakat YaIMdagi yalpi ulushi 38 foizdan ortiqni tashkil etdi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. 

Bu yili, yil yakunlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishining o‘sishi ikki martadan ortiq, deyarli uch marta ko‘p bo‘lishini kutyapmiz”, - deya o‘z nutqini davom ettirdi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri.

O‘zbekiston Italiya bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat berayotgani va bu, o‘z navbatida, joriy yilda Hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazilishi hamda O‘zbekiston delegatsiyasining XII Yevrosiyo iqtisodiy forumida ishtirok etgani orqali namoyon bo‘lishi ta'kidlab o‘tildi.

Lombardiya hududi gubernatori Attilio Fontana iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi, bu esa, O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlarini faollashtirish va kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.