Un va non mahsulotlari narxlari erkinlashtirilishi natijasida aholining ehtiyojmand qatlamlarining yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarini qoplash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida to‘lanib kelinayotgan kompensatsiya oshirildi.
Soliq plus’ning yozishicha:
yoshga doir pensiya, nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilar;
ikki yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi uchun tayinlangan nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga beriladigan har oylik pul kompensatsiyasi 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab 22,3 ming so‘mdan 50 ming so‘mga oshirildi.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, pul kompensatsiyasi oluvchilarining amaldagi 9 toifasiga qo‘shimcha ravishda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun tayinlangan nafaqa oluvchi oilalar va belgilangan eng kam yoshga doir pensiya miqdorida pensiya oluvchilar kiritilib, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, 50 ming so‘m miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi joriy etildi.
Ushbu qarorda belgilanishicha, kompensatsiya to‘lovlari shu yilning 1 oktyabridan oshirilishini inobatga olgan holda, yoshga doir pensiya, nogironligi bo‘yicha nafaqa, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolalikdan nogiron bo‘lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa hamda belgilangan eng kam yoshga doir pensiyaning miqdoridan kam pensiya oluvchilarga pul kompensatsiyalari miqdori oktabr oyi uchun Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida avtomatik tarzda qayta hisoblanadi hamda oshirilgan miqdorlar farqi bo‘yicha kompensatsiyaning qo‘shimcha to‘lov reyestrlari tuzilgan holda tijorat banklari va Xalq banki filiallari tomonidan to‘lab beriladi.
Ya'ni, oktabr oyi uchun 22 300 so‘m to‘lov vedomostlariga kiritilgan bo‘lsa, joriy oy uchun qo‘shimcha ravishda 27 700 so‘m, jami 50 000 so‘m (22 300+27 700=50 000) to‘lanadi. Shuningdek, noyabr oyidan boshlab, har oyda 50 000 so‘mdan kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirib boriladi.
O‘z-o‘zini boshqarish organlari tomonidan tayinlangan bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar har oylik pul kompensatsiyasi oktabr oyi uchun qayta hisob-kitob qilinib, noyabr oyida to‘lanishi ta'minlanadi.
















