O‘zbekiston | 11:13 / 25.11.2019
27689
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkka nisbatan taqiq: uy sotib olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga eslatma berildi

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 480-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilib, ko‘chmas mulk obektlarini sotish tartibi soddalashtirildi va noturar joy toifasidagi ko‘chmas mulkni sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlash tartibi bekor qilindi.

Endilikda, noturar joy toifasidagi ko‘chmas mulk obektlarini sotish va sotib olish jarayonini jismoniy va yuridik shaxslar o‘zaro shartnoma asosida amalga oshirishlari hamda ko‘chmas mulk obekti mulkdorlari yoxud ushbu obekt bo‘yicha ashyoviy huquqlar egalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o‘tgan, cheklangan yoki bekor bo‘lgan yoki ko‘chmas mulk obektining huquqiy holati o‘zgargan kundan boshlab, bir oy muddatda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlari kifoya. 

Biroq, Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi yuristkonsulti A.Boboqulovning bildirishicha, qulayliklarni suiiste'mol qiluvchilar uchrab qolishi ehtimoli ham yo‘q emas. Ya'ni, sotuvchi va sotib oluvchi o‘rtasida shartnoma imzolanib, sotib oluvchi tomonidan to‘lov majburiyatlari to‘liq yoki qisman amalga oshirilib, ko‘chmas mulkka nisbatan vujudga kelgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilganda obektga nisbatan taqiq qo‘yilganligi yoki bo‘lmasa sotish (yoki begonalashtirish) huquqi mavjud emasligi aniqlanmoqda va natijada esa fuqarolar firibgarlik qurboniga aylanib qolmoqdalar.

Bundan tashqari, Oila kodeksiga ko‘ra er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilangan. Bu esa o‘z o‘zidan bitim tuzish jarayonida agar mavjud bo‘lsa umumiy ko‘chmas mulkning teng huquqli egalarini roziligini talab qilishni yoddan chiqarmasligimizni ko‘rsatadi. 

Yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida, ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish istagi bo‘lgan barcha fuqarolarga, notarial tartibda tasdiqlanmaydigan oldi-sotdi shartnomalarini tuzishdan oldin, Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘chmas mulkka nisbatan taqiq bor yoki yo‘qligini, unga nisbatan huquq turini aniqlab olishlari, shuningdek, umumiy mulkka nisbatan teng huquqli shaxslar bor yo‘qligini tekshirib olishlari uchun sharoit mavjudligi bildiriladi. 

Mavzuga oid