O‘zbekiston | 12:16 / 25.11.2019
4966
3 daqiqa o‘qiladi

YeXHT O‘zbekistonga saylovni kuzatish uchun 300ga yaqin kishini jo‘natmoqchi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 25 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHR) Saylovni kuzatish missiyasi rahbari Kayyetana de Zuluyeta Outram bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida 22 dekabr kuni Qonunchilik palatasiga va mahalliy kengashlarga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish davomida O‘zbekiston tomonining YeXHT DIIHB to‘laqonli missiyasi bilan o‘zaro munosabatlarining amaliy masalalari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, 5 ta partiya ishtirok etayotgan hozirgi saylov jarayoni «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» shiori ostida o‘tmoqda. Shu munosabat bilan xalqaro ekspertizadan o‘tgan va YeXHT DIIHB, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan O‘zbekistonning yangi saylov kodeksi ahamiyati qayd etildi. Ushbu konseptual hujjat siyosiy partiyalarning mavqei va rolini mustahkamlash, kvotalashni bekor qilishni nazarda tutadi, fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashdi, Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini tuzishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston fuqarolarining saylovda qatnashish huquqlarini ta'minlash bo‘yicha katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Buning uchun mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida 38 mamlakatda 55 ta saylov uchastkasi tashkil etildi, deyiladi TIV ma'lumotida.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, jahonning 50ta mamlakati va xalqaro tashkilotlardan 700dan ortiq xalqaro kuzatuvchi O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

Kayyetana de Zuluyeta Outram ma'lum qilishicha, saylovni kuzatish uchun YeXHT DIIHB 300ga yaqin kishini jo‘natishni rejalashtirmoqda, ushbu kuzatuvchilar mamlakatning barcha mintaqalariga tashrif buyurish, aksar saylov uchastkalarini qamrab olish va saylovda qatnashayotgan beshta siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashishni mo‘ljallamoqda.

Uchrashuvda saylov jarayoni davomida hamkorlik mexanizmlari va shakllari to‘g‘risida kelishib olindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid