Iqtisodiyot | 17:40 / 26.11.2019
13252
4 daqiqa o‘qiladi

Narxlar inflatsiya darajasidan yuqoriga oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi - MB raisi

Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov O‘zbekistonda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni inflatsiya maqsadlariga ta'sirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigi ishlab chiqilishi yuzasidan izoh berdi.

Ahadbek Haydarov

U bunda birinchi navbatda qanday narxlar va tariflar haqida gap ketayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob qaytardi:

“Tovar mahsulotlarni ikki turga bo‘lishimiz va buni tushunib olishimiz kerak. Monopol va ijtimoiy xarakterga ega bo‘lgan tovarlar bor. Ularning ma'lum bir qismi xohlasak, xohlamasak davlat tomonidan tartibga solinishi davom ettiriladi. Misol uchun, jamoat transportidagi narxlar yoki oliy ta'limdagi kontrakt to‘lovlari, yoki mana shunga o‘xshagan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlarni davlat tomonidan tartibga solinishi davom ettiriladi. Lekin ayrim tovarlar borki, ular monopol xarakterga ega emas, lekin shu paytgacha davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar. 

Uch yil davomida monopol xarakterga ega bo‘lmagan, davlat tomonidan tartibga solingan ko‘p tovarlarni biz erkinlashtirib yubordik. Masalan, qurilish mollari, sement, metall buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, shakar, o‘simlik yog‘i, kimyo mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, polietilen va boshqalar. 

Endi tartibga solinayotgan monopol xarakterga ega bo‘lmagan qaysi tovarlar qoldi, degan savol tug‘iladi. Bu A-80 benzini qolgan. 

Keyingi qolgan narxlar – elektr energiyasi, tabiiy gaz, kommunal issiqlik, issiq suv, sovuq suv narxlari. Issiq suv, sovuq suvni ta'minotini tartibga solish davom ettiriladi. Ularni faqat tannarxini qoplash darajasidan kelib chiqib, narxlarni inflatsiya nazaridan kelib chiqib, narxlarni o‘rta va uzoq muddatga belgilaymiz. Elektr energiyasi, tabiiy gazga keladigan bo‘lsak, bu borada islohotlar elektr energiyasi bahosida bozor muhiti yaratilganidan keyin ularni erkinlashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Lekin, birinchi bosqichda ularning narxini tannarxidan kelib chiqib, mana shu sohada faoliyat yuritadigan korxonalar rentabelligini ta'minlash bo‘yicha choralar, inflatsiyadan kelib chiqib, ularni aniq belgilash choralarini ko‘ramiz”, - dedi moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov.

Aynan shu savolga Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov quyidagi fikrlarni qo‘shimcha qildi:

Mamarizo Nurmuratov

“Bozor sharoiti shakllanganidan keyin deyilganida, mana shu ikki yil nazarda tutilyapti. Bu uzoq davom etar ekan, degan fikrga bormasligingiz kerak. Issiqlik, issiq suv ta'minoti borasida ham aytib o‘tdilar, bu har yili xohlagancha oshadi degani emas. Inflatsiya darajasidan yuqoriga oshishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deya Markaziy bank raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid