Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Oliy ta'lim uzluksiz ta'lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, oliy ta'lim muassasalarida umumiy o‘rta (11-sinf), uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

oliy ta'limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;

ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

oliy ta'limni umumiy o‘rta, uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;

ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;

ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish;

oliy ta'lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;

oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

Oliy ta'lim muassasasi oliy ta'limning ta'lim dasturlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs bo‘lib, o‘zining ustavi hamda mazkur Nizom asosida faoliyat yuritadi.

Oliy ta'lim muassasasining ustavi oliy ta'lim sohasidagi davlat boshqaruvi organi tomonidan tasdiqlanadi va mahalliy hokimiyat organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlat fuqarolariga hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga oliy ta'lim muassasasida o‘qitilayotgan mavjud ta'lim tilini ixtiyoriy tanlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'limni davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda olishni ta'minlaydi.