
Ammo bu hozircha NATO yakdilligiga raxna solmayapti
«Bugun biz Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha bilan bog‘liq yangilangan rejani tasdiqlashga kelishib oldik. Men bu qarorni olqishlayman, bu - biz o‘z pozitsiyalarimizni, jumladan Boltiqbo‘yi va Polsha mudofaasi bo‘yicha rejalarni qayta ko‘rib chiqib, yangilab oldinga yura olishimizni ko‘rsatib berdi», deydi sammitdan keyin NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.
Sammit arafasida Turkiya AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Suriyadagi kurd otryadlari terrorchilar va alyans dushmani deb tan olinmagani tufayli bu rejaga to‘sqinlik qilish bilan tahdid qilgandi. Anqara kurdlarni terrorchilar deb ataydi, ammo AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya ular bilan ekstremistik guruhlarga qarshi ittifoq tuzgandi.
Bu bahs katta siyosiy ahamiyatga ega edi va Yyens Stoltenberg bu muammoning hal etilishi ittifoqning birdamligini ko‘rsatganini alohida ta'kidladi.

WPA POOL
London yaqinidagi Uotford shaharchasida bo‘lib o‘tgan, NATO tashkil topganining 70 yilligiga bag‘ishlangan ikki kunlik uchrashuv davomida alyansga a'zo mamlakatlar yetakchilari - ayniqsa AQSh va Fransiya prezidentlari Donald Tramp va Emmanuel Makron - Turkiyaning Suriyadagi harakatlari, ittifoqning strategik maqsadlari va Yevropa hududida harbiy kuchlar ortishi bo‘yicha qattiq bahslashishdi.
3 dekabr kuni Yelizaveta II siyosatchilarni Bukinghemdagi saroyida qabul qildi. Shu kuni Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Kanada bosh vazirlari, Fransiya prezidenti va britan malikasi Anna o‘zaro suhbat vaqtida Trampni muhokama qilishgani tasvirlangan video tarqalib ketdi.
Prezident Trampning kutilmagan tvitlari va keskin muhokamalarga qaramay NATO harbiy mashinasi ishlashda va rivojlanishda davom etadi - ayniqsa sharqiy qanot yanada mustahkamlanadi.







