INTeR – ROMA (7 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Nihoyat turnir jadvalining eng yuqorisiga qaytgan «Inter»ni navbatdagi jiddiy sinov kutib turibdi. A Seriyadagi so‘nggi olti o‘yinning beshtasini o‘z foydasiga hal qilgan «Roma» ahvolini biroz o‘nglab oldi va uchinchi o‘ringa juda yaqin keldi. Qolaversa, bu ikki raqibning so‘nggi o‘zaro o‘yinlari ham juda murosasiz kechgan: oxirgi uch o‘yinda uch durang qayd etilgan. Qizig‘i, har uchala o‘yinda ham hisobni mehmonda to‘p surayotgan jamoa ochgan, mezbonlar yakunda hisobni tenglashtirib, mag‘lubiyatdan qutulib qolishgan.

Uchrashuvga e'tiborni oshirgan yana bir holat, Italiyaning eng mashhur nashrlaridan biri Corriere dello Sport nashrining ushbu o‘yinga bag‘ishlangan muqovasi bo‘ldi. Gazetada «Inter» hujumchisi Romelu Lukaku hamda «Roma» himoyachisi Kris Smollingning rasmlari berilgan va «Qora juma» deb tagso‘z yozilgan. Bu klublar, muxlislar va jamoatchilik tomonidan katta rezonans keltirib chiqardi. Nashrni rasizmda ayblamoqda.

Jamoalar tarkibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Aleksis Sanches va Nikolo Barella «Inter» safiga qaytishiga yana kamida bir oy bor. Shuningdek, Stefano Sensi sonidan olgan jarohati tufayli maydonga tusha olmaydi. Mehmonlardan esa, Jastin Klyuvert va Davide Dzappakosta tiklanib ulgurgani yo‘q. Xaver Pastore lazaretni tark etgan bo‘lsa-da, hali mashg‘ulotlarga to‘liq kirishmadi. Uni ham maydonda kutish befoyda.

Ushbu o‘yin keyingi haftada, seshanba oqshomida «Barselona»ga qarshi kechadigan muhim uchrashuv oldidan bo‘lib o‘tayotgani «Inter»ning zarariga ishlashi mumkin. YeChLning keyingi bosqichiga chiqish uchun milanliklar g‘alaba qozonishlari shart. Turli frontlarda kurashish, rotatsiya qilish va kuchlarni taqsimlash borasida muammolar mavjudligini esa «Inter» murabbiyi o‘sha mashhur matbuot anjumanida aytib o‘tgandi. 

EVeRTON – CheLSI (7 dekabr, 17:30)

Liverpul derbisidagi mag‘lubiyatdan so‘ng «Everton» ham bosh murabbiyi Markus Silvani iste'foga chiqardi. Albatta, bu qarorga faqat «Liverpul»dan qabul qilingan mag‘lubiyat sabab bo‘lmadi. «Everton» APLda qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub bo‘ldi, turnir jadvalida 18-o‘ringa tushib ketdi. Yozda deyarli top-6 darajasida transfer xarajatlari qilgan, tarkibida «Arsenal», «Barselona» va «MYu» kabi jamoalarning sobiq a'zolari to‘plangan «Everton» bu darajada sho‘ng‘ishi kerak emasdi.