Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi keng muhokama etilmoqda. Ayni maqsadda ko‘plab tadbirlar, davra suhbati va seminarlar tashkil qilinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri 2019 yil 5 dekabr kuni Savdo-sanoat palatasida o‘tkazildi.
Ta'kidlanganidek, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida nafaqat soliq to‘lovchilarning, balki mas'uliyati oshirilgan holda soliq organlarining ham huquq va majburiyatlari aniq hamda lo‘nda belgilab berilgan. Taklif etilayotgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida nazorat tartib-taomillari soddalashtirilgan hamda soliq tekshiruvlarining turlari 13 tadan 3 taga qisqartirilgan. Soliq organlariga “Tahlika-tahlil” asosida (inspektorning aralashuvisiz) kameral nazorat, joyiga chiqqan holda tekshirish va vakolatli organning roziligisiz soliq auditini tayinlash huquqini beruvchi soliq nazoratini o‘tkazishning yangi tartibi nazarda tutilmoqda. Bunda tekshiruvlar natijalari tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi lozim.
Soliq nizolarini sudgacha hal etish tartibi, shuningdek, soliq huquqbuzarligi turidan kelib chiqqan holda, jazo choralarini belgilash aniqlashtirilgan.
Amaldagi Soliq kodeksidan farqli ravishda hujjatning yangi tahririda soliq organlarining mas'uliyati oshirilgan, bir paytning o‘zida ortiqcha to‘langan soliq summasini qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summasini hisobga olishni (qaytarishni) o‘z vaqtida amalga oshirish mexanizmi taklif etilmoqda.
Bunda soliq summasini qaytarishning o‘tkazib yuborilgan har bir kuni uchun soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga penya to‘lash ko‘zda tutilmoqda. Undiruvni soliq to‘lovchiga uning debitorlari to‘lashi kerak bo‘lgan summalarga qaratish tartibi bekor qilinmoqda.
Tadbir ishtirokchilari ta'kidlaganidek, Soliq kodeksi loyihasida soliq to‘lovlarini ta'minlashning yangi dastaklarini tatbiq qilish, kollegial organlarning (komissiyalarning) ishtirokisiz pulli asosda soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etish, soliq imtiyozlarini Prezident tomonidan belgilangan stavkani ko‘pi bilan 50 foizga va ko‘pi bilan uch yil muddatga pasaytirish ko‘rinishida berish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi normalarni, shu jumladan, “bitimlarni qayta kvalifikatsiyalash”, “soxta bitimlarni” bekor qilish, firibgarlik bitimlari bo‘yicha chegirmalarni taqdim etmaslikni belgilash taklif qilinmoqda.

















