Sardor Rashidov Vadim Abramov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasidan taklif olmagan bo‘lsa-da, «Qatar SK» safida o‘z gollari bilan klub muxlislarini quvontirmoqda.

Kun.uz muxbiri qisqa ta'til vaqtida Jizzaxga kelgan Sardor Rashidov bilan uchrashib, eksklyuziv intervyu oldi. Suhbat davomida futbolga qadam qo‘yishi, qiyinchiliklar, xorij klublariga o‘tishi, faoliyatidagi xatolar, terma jamoaga chaqirilmayotgani va murabbiylar haqida gapirdi.

«Dadam bog‘chadan olib, futbolga olib borardilar»

— Futbolga kirib kelishimda dadamning hissasi katta. Hatto, bog‘chaga boradigan vaqtimda ham, tushlikdan keyin meni futbol mashg‘ulotlariga olib borardilar. Adashmasam, 4-5 yoshimdan boshlab futbol bilan shug‘ullana boshlaganman. Keyinchalik Jizzax viloyat birinchiligida Zarbdor tumani jamoasida to‘p surdim. Shundan keyin «So‘g‘diyona» yoshlar jamoasiga o‘tdim va professional faoliyatim boshlandi. O‘shanda jamoaga meni hech kim taklif qilmagandi, yoshlar jamoasi uchun yig‘in bo‘lgan va o‘sha yig‘inga qatnashib, boshqa yoshlar qatori ikkinchi jamoaga qabul qilingandim. «So‘g‘diyona»da asosan o‘rinbosarlar safida to‘p surib, asosiy jamoada 2-3ta o‘yinda maydonga tushganman.

2009 yil «Bunyodkor» jamoasi yoshlar murabbiyi Hikmat Ergashev Toshkentga taklif qilgandi. Dastlab klub o‘rinbosarlari safida to‘p surganman. 2010 yil Mirjalol Qosimov asosiy tarkibga jalb qilgandi, ammo jarohatim bois safdan chetdan qoldim va 2013 yildagina «Bunyodkor»ning asosiy tarkibidan o‘rin oldim.

«O‘shanda dadam futbolni davom ettirasanmi?» deb so‘ragandilar...»

— 2010 yil jiddiy jarohat olganimda, dadam «futbolni davom ettirasanmi?» deb so‘ragandilar. Albatta davom ettirishimni aytgandim. O‘zi ko‘p jarohat olganman. Shunga qaramay, yaxshi futbolchi bo‘lishga intilaverganman.

O‘zbekiston milliy jamoasidagi debyutimni ham yaxshi eslayman. 2013 yil Toshkentda Vetnam milliy jamoasiga qarshi maydonga tushgandim. O‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozonganmiz, birinchi golni urganman. Javob bahsida ham Vetnam darvozasiga gol kiritgandim.

2015 yilgi Osiyo Kubogini ham juda yaxshi esimda. Ayniqsa, Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvni butun xalqimiz kutgan. Bu bahsdan oldin Xitoyga yutqazganimiz sababli Saudiyaga qarshi faqat g‘alaba qoniqtirardi. O‘sha kuni dubl qilgandim, guruhdan keyingi bosqichga chiqqanmiz. Ammo chorak finalda Janubiy Koreyaga alamli tarzda mag‘lub bo‘lgandik.