Joriy yilning 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2020 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu O‘zbekiston tarixida ilk marta: ya'ni, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan holda ilg‘or standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlandi.

Shu qonun haqida yanada ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lish va qator savollarga javob olish maqsadida Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Muhamedov bilan suhbatlashdik.

Sherzod Dilmurodovich, aytingchi, 2020 yilda budjet jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida budjet vakolatlari qanday taqsimlanadi?

Savolingiz uchun rahmat. To‘g‘ri, 2020 yildan boshlab davlat budjeti mamlakatimizda ilk bor qonun sifatida tasdiqlandi. Ya'ni ushbu qonunning tasdiqlanishi to‘g‘risida davlat budjeti ishtirokchilarining vakolatlariga sezilarli darajada o‘zgartirishlar kiritilgan. Ya'ni, ushbu qonunda ko‘rishingiz mumkinki, 2020 yildan boshlab davlat budjetining nazorati, davlat budjetini tuzish, davlat budjeti mablag‘larini taqsimlash, tasdiqlash Oliy Majlis palatalari vakolatlariga o‘tmoqda. Shu bilan birga, endilikda davlat budjeti xarajatlari sohalar kesimida emas, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlangan. Shu jumladan, ko‘rishingiz mumkinki, ushbu qonunning 5-ilovasiga muvofiq, respublika budjeti xarajatlari 56ta vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlangan bo‘lib, buning ichida ham ushbu vazirlikning joriy xarajatlari (joriy xarajatlar deganda biz vazirlikning ish haqi, unga tenglashtirilgan to‘lovlari, kommunal to‘lovlari, saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar hamda ushbu vazirlik qoshidagi tashkilotlarning kapital qurilish xarajatlari, ya'ni investitsiya xarajatlari)ni ham alohida ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Budjetning qonun shaklida tasdiqlanishiga nima sabab bo‘ldi? Shu haqida ham aytib o‘tsangiz.

— To‘g‘ri. Xabaringiz bor, avvallari bizlarda davlat budjeti prezident qarori ko‘rinishida tasdiqlanar edi. Joriy yildan boshlab ilk marta qonun sifatida tasdiqlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi PQ-3917-sonli qarorida 2020 yildan boshlab davlat budjeti qonun sifatida tasdiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Misol uchun, barcha rivojlangan davlatlarda davlat budjeti qonun sifatida tasdiqlanishi o‘rganildi. Ushbu qonunni ishlab chiqish jarayonida xalqaro moliya institutlari, shu jumladan, Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlari bilan birga ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgan va to‘liq xalqaro standartlar talablariga javob berishi xalqaro ekspertlar tomonidan ham ta'kidlandi.