Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligi tashkil etiladi hamda 2020-2022 yillarda Bandixon tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Prezidentning tegishli qarori loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 30 noyabrdagi 2932-III-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Senatining 2019 yil 30 noyabrdagi “Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi SQ-539-Sh-son qarori ma'lumot uchun keltirilgan.

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligi tashkil etiladi.

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha respublika komissiyasi tasdiqlanadi.

Respublika komissiyasi (A.J. Ramatov):

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligini tashkil etish bilan bog‘liq zarur tashkiliy texnik tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta'minlaydi;

Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Bandixon tumanini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining aniq, barqaror va bir maromda ishlashini, shuningdek yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta'minlaydi;

Surxondaryo viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etilishi munosabati bilan yangidan tashkil etilayotgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy tuzilmalarini ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan malakali kadrlar bilan to‘ldirish chora-tadbirlarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (Zokirov), Surxondaryo viloyati hokimligi (Bobolov) bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar Bandixon tumani markazining 2030 yilgacha bo‘lgan bosh rejasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlashni ta'minlaydi.

 Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan “2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyati Bandixon tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” ma'qullanadi.