Joriy yilning 9 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2020 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu O‘zbekiston tarixida ilk marta: ya'ni, davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan holda ilg‘or standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlandi.

Shu qonun haqida yanada ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lish va qator savollarga javob olish maqsadida Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Muhamedov bilan suhbatlashdik.

2020 yilda mahalliy budjetlar, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlari qanday shakllantiriladi?

— Ushbu qonun bilan budjet tizimiga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlardan biri bu mahalliy budjetlar vakolatlari o‘zgarishidir. 2020 yildan boshlab mahalliy budjetlarga o‘zlarining budjetlarini tuzishda, shakllantirishda va tasdiqlashda to‘liq mustaqillik berilmoqda. Endilikda ular o‘z budjetlarini mustaqil ravishda shakllantiradi va tasdiqlaydi. Misol uchun, ushbu qonunga muvofiq, mahalliy budjetlarning daromad va xarajatlari faqat ma'lumot uchungina ko‘rsatib o‘tilgan. Ularga qoldiriladigan soliq turlari esa qonun bilan alohida tasdiqlangan. Ya'ni qaysi soliq turi, qancha miqdorda qaysi hududda qoldiriladi? Mahalliy budjetlar, mahalliy hokimliklar tomonidan endilikda ushbu qoldirilgan soliqlardan kelib chiqqan holda o‘zlarining budjetlari mustaqil shakllantiriladi va respublika budjetidan ajratilgan transfertlarni qo‘shgan holda budjetlari balanslashgan holda tasdiqlanadi. Misol uchun, 2019 yilda ham mahalliy budjetlar faqatgina respublika budjetidan, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori bilan tasdiqlangan mablag‘larni shunchaki rasmiyatchilik uchun qayta tasdiqlagan, xolos. Endilikda esa ushbu mexanizm yo‘qolib, ular o‘zlari qancha daromad shakllantirsa, shunga mos ravishda xarajatlarni ham rejalashtirishlari mumkin bo‘ladi.

— Tasdiqlangan budjet mablag‘lari yetmagan hollarda qanday yo‘l tutiladi? Mahalliy budjetlarga.

To‘g‘ri, bo‘lishi mumkin. Masalan, bugungi kunda birlamchi xarajatlari va investitsiya xarajatlari Moliya vazirligi tomonidan prognoz qilingan va ularga yetarli darajada soliq turlari qoldirib berilgan. Mahalliy budjetlarga shunday vakolatlar berilmoqdaki, ushbu soliqlarni agar endilikda bizning prognozlardan boshqacharoq tarzda prognoz qilsalar, ular o‘zlarining daromadlarini oshirishlari mumkin bo‘ladi. Shunga mos ravishda xarajatlarni ham oshirishlari mumkin bo‘ladi. Lekin bu yerda bir narsani unutmaslik lozimki, ushbu prognoz qilingan daromadlar kelgusida tushmasligi mumkin. Agar ushbu daromadlar mahalliy budjetlarga kelib tushmasa, ya'ni Moliya vazirligi tomonidan qilingan prognozlardan ortiqcha miqdorda rejalashtirilgan mablag‘lar mahalliy budjetlarga kelib tushmasa, ular shunga mos ravishda o‘z xarajatlarini ham qisqartirishlari kerak bo‘ladi. Aksincha Moliya vazirligi tomonidan prognoz qilingan ko‘rsatkichlar ham tushmasa-chi? Unda nima bo‘ladi? Agar mahalliy budjetlarga bizning prognozlarimiz bajarilmasa, ya'ni ularga yetarli darajada daromadlar kelib tushmasa, ular xarajatlarni qisqartirishga harakat qiladi.