O‘zbekiston | 10:48 / 17.12.2019
12074
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rta biznes to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi yangi tahrirda e'lon qilindi

Foto: Shutterstock

“O‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori loyihasi yangi tahrirda e'lon qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha:

2020 yilning 1 aprelidan o‘rta tadbirkorlik (biznes) sub'yektlari toifasiga mulk shaklidan qat'i nazar, kichik korxonalar uchun yiliga belgilanganidan ortiq, lekin ishlab chiqarish sohasida 100 dan 150 nafargacha, qurilishda 70 dan 100 nafargacha, qishloq xo‘jaligi va boshqa ishlab chiqarish sohalarida, ulgurji savdoda 30 dan 40 nafargacha, chakana savdo, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa ishlab chiqarishdan tashqari sohalarda 20 dan 30 nafargacha ish bilan band xodimga ega bo‘lgan o‘rta korxonalar kiradi;

o‘rta korxonalar odatda xomashyo va materiallarni dastlabki qayta ishlash, kichik hajmli, lekin ko‘p mehnat talab qiladigan butlovchi mahsulotlar, jihoz va asbob-uskunalar, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san'ati buyumlari ishlab chiqarish sohalarida, shuningdek, servis xizmati va aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarida barpo etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda o‘rta tadbirkorlik (biznes) sub'yektlari xodimlarining o‘rtacha yillik sonini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadilar va belgilangan tartibda tasdiqlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashki savdo vazirligi va Savdo sanoat palatasi quyidagilarni ta'minlaydi:

o‘rta tadbirkorlik (biznes) korxonalarini rivojlantirish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha faoliyatni yo‘lga qo‘yish, sarmoya jalb etish jarayonining barcha bosqichlarida sarmoya loyihalarining, shu jumladan, jalb etilayotgan xorijiy kreditlar loyihalarining samaradorligi monitoringini o‘tkazish;

korxonaning mulk shakli va soha bo‘yicha kimga bo‘ysunishidan qat'i nazar, barcha tovar ishlab chiqaruvchilarga dastlabki hisob-kitob va hisobot, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, sarmoya jalb etish, mahsulotni eksport qilish, kadrlarga professional ta'lim berish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalarda ko‘maklashish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yil 1 apreldan boshlab o‘rta tadbirkorlik (biznes) sub'yektlaridan choraklik hisobotlar olinishini Davlat statistika dasturiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ichida ushbu qarordan kelib chiqib:

o‘rta tadbirkorlik (biznes) sinfini kiritish masalasi bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif kiritadi;

kichik tadbirkorlik (biznes) sub'yektlariga tegishli bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar klassifikatsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Bundan oldin, Yuliy Yusupov Iqtisodiyot va sanoat vazirligini tugatishni taklif qilgandi.

Mavzuga oid