Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturida jamiyatdagi hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalarga e'tibor qaratilgan. Masalan, aholi turmush darajasini belgilashda, ijtimoiy siyosat va davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib joriy etishda, shuningdek, mehnatga haq to‘lash, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarning eng kam darajasini belgilashda xalqaro hamjamiyatda umumqabul qilingan ko‘rsatkichlar, ya'ni, yashash minimumi va iste'mol savatchasi hamda ularni qo‘llash tartibini amaliyotga kiritish masalasi keng o‘rin olgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Qashqadaryo viloyatidan ko‘rsatilgan nomzodlar partiyamizning saylovoldi siyosiy pozitsiyasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirmoqda.

Jamila Turakulova, pedagog, Qarshi shahridagi 29-maktab direktori, 125-Qarshi saylov okrugidan nomzod:

Qorni to‘q bolaning fikrlashi, bilimni qabul qilish darajasi qorni och bolanikiga nisbatan yuqori bo‘lishi ko‘p kuzatilgan. Maktablarda tashkil etiladigan nonushtaning ratsionga boy, to‘yimli, tabiiy mahsulotlardan tayyorlanishi o‘quvchilarning nafaqat puxta bilim olishi, balki sog‘lom va durkun o‘sishiga ham yordam beradi. Bugun unib o‘sayotgan bolalarning tomog‘idan tejab qolingan arzimas mablag‘ ertaga mamalkatga foyda keltirmaydi. Millat genofondining zaiflashuviga, pirovardida xalqning zarariga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, biz maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari uchun sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish kerak, deb o‘ylaymiz.

Gulnora Aramova, filolog, Qarshi tumanidagi 10-ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi direktori, 126-Beshkent saylov okrugidan nomzod:

– Xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularga bo‘layotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik haqida ko‘p gapiriladi. Lekin bu borada hali muammolar oz emas. Masalan, xotin-qizlarga ko‘maklashish masalasiga hamma joyda ham bir xilda e'tibor qaratilmayapti. Ayniqsa, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni turar-joy hamda ish bilan ta'minlash bo‘yicha jamoatchilik va deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish kerak, deb o‘ylayman. Yana bir muhim masala. Afsuski, ayollar orasida mehnat qonunchiligidan boxabar bo‘lganlari juda kam. Shuning uchun bandlikka ko‘maklashish markazlaridami yoki boshqa joydami, albatta, xotin-qizlarga mehnat munosabatlari qonunchiligini o‘rgatishimiz shart.