Avvalo shuni aytish kerakki, Konstitutsiyamizda fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslari belgilab qo‘yilgan. Bu qoida va me'yorlar asosini esa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va umume'tirof etilgan demokratik prinsiplar tashkil qiladi.

Shuningdek, bu prinsiplar qatoriga, jumladan, qonuniylik, oshkoralik va adolat tamoyillari ham kiradi. Shu asosda mamlakatimizda saylovda ishtirok etuvchi har bir shaxsning saylov jarayonlaridagi faoliyati bilan bog‘liq asosiy tartib-qoidalar, huquq va majburiyatlari hamda ularning himoyasini ta'minlash bo‘yicha qonuniy kafolatlar milliy qonunlarimizda batafsil belgilab berilgan.

Shu o‘rinda saylovda ishtirok etuvchi shaxsning huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda kimga yoki qayerga murojaat etishi lozim, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, amaldagi qonunlarimizda saylov komissiyalari qarorlari va ularning xatti-harakatlari ustidan qoida tariqasida yuqori saylov komissiyasiga yoki sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Qayd etish joizki, fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini sudlarning mustaqilligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Shu ma'noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek, sudlarning chinakam mustaqilligini ta'minlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biror mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.

Chunki faqat amalda to‘liq mustaqil sud adolatli, asosli va qonuniy qarorlar qabul qiladi. Qonuniy qaror esa, jamiyatimizda adolat tamoyillarini ta'minlashda o‘ta muhim o‘rin tutadi.

Holbuki jamiyatimizda barcha masalalar, xususan manfaatdor shaxs saylov komissiyalari qarorlari ustidan yuqori saylov komissiyasiga murojaat qilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilishi ham mumkin. Bunda yuqori saylov komissiyasiga murojaat qilmagani holati manfaatdor shaxsning sudga murojaat qilish huquqiga to‘sqinlik qilmaydi.

Kodeks talabiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat a'zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlislar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinadi. Chunki ular eng yuqori instansiya hisoblanib, qabul qilgan qarorlarining qonuniyligiga baho beruvchi yuqori saylov komissiyasi mavjud emas.