Juda ishonchli ko‘rinishi mumkin bo‘lgan alohida ko‘rsatkich yoki o‘lchovlarga asoslangan chalg‘ituvchi raqamlardan ehtiyot bo‘lish kerak. Ijobiy va salbiy tomonlarning oddiy ro‘yxatidan tashqariga chiqib, bunga kompaniyalar, sohalar va mamlakatning raqobatbardoshligi nuqtayi nazaridan tizimli ravishda qarash lozim.

Yetuklik va layoqat, ichki iqtisodiyotning imkoniyatlardan foydalanishga qanchalik tayyorligi va YeOII doirasidagi xavf-xatarlarning oldini olish – eng asosiy masalalar hisoblanadi. Tashkilotga a'zo bo‘lish O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini albatta kafolatlaydi, deb bo‘lmaydi.

EOII bilan bog‘liq vaziyatda biz tashqi savdoning qisman liberallashuvi emas, balki milliy bozorlarning umumiy liberallashuvi va birlashuviga duch kelamiz. YeOIIning integratsiyaviy platformasi «to‘rt erkinlik» — tovarlar, xizmatlar, mehnat va kapital harakati erkinligini beradi. Shu tarzda, YeOII kompleks yoki tizimli integratsion platforma hisoblanadi.

Aslida, bunday tizimli mintaqaviy integratsiya – qimmat siyosatdir. Buni ichki iqtisodiy immuniteti bor, statik va dinamik kuchga ega boy va ishlab chiqarishi yetarli bo‘lgan jamiyatlar o‘zlariga ravo ko‘rishlari mumkin. Bilimlar, texnologiyalar, davlat boshqaruvi va korporativ menejmentni tez hamda muvaffaqiyatli rivojlantirayotgan, institutsional jihatdan o‘sib borayotgan jamiyatlar ham liberallashtirishni yaxshi amalga oshira oladi. 

Institutsional yetuklik tanqisligi

Bugungi kunda islohotlar yo‘lining yarmida to‘xtab qolgan jamiyatlar o‘rtasida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish uchun zarur sharoitlar pishib yetildi, degan fikrga qo‘shilish qiyin. YeOII bir qarashda, jonli va faol mavjudotga o‘xshaydi. Ammo, bu ittifoqning istiqbolida ham MDHdagi kabi qisman mavhumlik va mo‘rtlik ko‘rinadi. YeOIIning shakllanishi va ilgari surilishi jarayonining ba'zi belgilari Moskvadagi markaz bilan sovetcha yoki neosovetcha integratsiyani eslatadi. Kichik iqtisodlar ushbu hukmdor markazning atrofida bo‘ladi.

Markaziy Yevrosiyo va Markaziy Osiyoning asosini tashkil etuvchi qo‘shni davlatlar obektiv tarzda integratsiyalashuvga mahkum. Biroq davlatlar shunchaki integratsiya uchun birlashmaydi, balki aniq maqsadlarni ko‘zlaydi hamda aniq manfaat kutadi, muqarrar xarajatlarni esa kamaytirishni xohlaydi.

Eng katta to‘siq ham aynan shu yerda. Integratsiyaning u yoki bu modeli har bir potensial ishtirokchini qoniqtirmasligi mumkin. Integratsiya modelini tanlash har bir ishtirokchining ichki institutsional, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-texnologik va boshqa ko‘p qirrali yetukligiga bog‘liq.