O‘zbekiston saylovlarni bahor fasliga ko‘chirish orqali saylovchilarning faolligini oshirishga erishishi mumkin, deya taklif bildirdi pokistonlik kuzatuvchi Mahmud ul Hasan.

Pokiston Markaziy banki ekspertining fikricha, partiyalardan tashqari mustaqil nomzodlarning ham deputatlik uchun kurashishiga imkon yaratilishi lozim.

«Men Xorazmning Urganch, Xiva shaharlari, Shovot tumanidagi 10dan ortiq saylov uchastkalarida bo‘ldim. U yerdagi mahalliy aholining saylovda ishtirok etishga bo‘lgan katta ishtiyoqiga guvoh bo‘ldim. Odamlar saylovda faolroq ishtirok etishlari uchun uni boshqa mavsumda, masalan bahor faslida o‘tkazilishini taklif qilgan bo‘lardim.

Yana bir taklif shundan iboratki, tadbirkorlar, texnokratlar – professor va ekspertlarning assotsiatsiyalari ham saylovda mustaqil ravishda saylanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim.

O‘zbekistondagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida ikkinchi marta ishtirok etishim. Bu safar bari o‘zgacha. Hamma narsa o‘zgargan», – dedi Mahmud ul Hasan Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Pokistonlik boshqa bir kuzatuvchi – Peshovar universiteti professori, doktor Shabir Ahmad Xon ham O‘zbekistondagi islohotlarni e'tirof etish barobarida, infratuzilmaga oid turli o‘zgarishlar bo‘lgani, metroning yangi yo‘nalishlari qurilayotganiga e'tibor qaratdi.

Shabir Ahmad Xon (o‘rtada)

«Saylovlar haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘rilgan tayyorgarlik va uning qanday o‘tkazilgani menda katta taassurot uyg‘otdi. Chunki O‘zbekiston siyosiy partiyalar o‘rtasida saylovoldi debatlarni o‘tkazish borasida xorijning demokratik, rivojlangan davlatlari tajribasini qo‘llayapti. Guvohi bo‘ldimki, aholining barcha yoshdagi qatlamlari saylovlarda katta ishtiyoq bilan ishtirok etishdi.

Men Toshkent shahrining Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi 7ta saylov uchastkalarida bo‘ldim. Saylovlar juda yaxshi tashkillashtirilgan va intizomli tarzda o‘tdi», – deydi professor Shabir Ahmad Xon.

24 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida saylovlarni kuzatishga kelgan xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.