Turkiyalik avtohavaskorlarning azaliy orzusi ro‘yobga chiqdi: o‘tgan asrning yarmidan boshlab litsenziya bo‘yicha avtomobillar ishlab chiqaruvchi Turkiyada ilk milliy avtomobil modeli paydo bo‘ldi. Ushbu tarixiy voqeaning ahamiyatliligini hisobga olib, avtomobil taqdimotida shaxsan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirok etdi.    

Taqdimot 27 dekabrda Istanbul yaqinidagi Gabza tumanida bo‘lib o‘tgan. Taqdimotdan so‘ng Erdo‘g‘an birinchi turk avtomobili ruliga o‘tirib, uni sinab ko‘rdi.

Turkiyaning ilk milliy modeli o‘rta o‘lchamli elektrokrossover bo‘lib, u TOGG markasi ostida ishlab chiqariladi. Keyinroq markaning sedan, xetchbek, kompaktven va B-segmentdagi krossoveri ham paydo bo‘ladi. Tadbir davomida sedan konsepti ham namoyish qilingan. 

TOGG (Türkiye’nin Otomobili Girişim Grubu, Turk avtomobil tashabbuskor guruhi) markasi 5 ta turk kompaniyasi - Anadolu Grubu, BMC, Kök Grubu, Turkcell va Zorlu Holding’ning birgalikdagi tashabbusi hisoblanadi. 

Kompaniya rahbari Rifat Xisarjiklio‘g‘luning ma'lum qilishicha, 2021 yilda zavod qurilishi yakunlanadi va unda 2022 yildan boshlab 5 ta modeldagi avtomobillar ishlab chiqariladi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 175 ming mashinani tashkil qiladi. Kompaniya to‘liq xususiy hisoblanadi, biroq hukumat uni 2035 yilgacha soliq imtiyozlari, bepul yer ijarasi va 30 ming dona mashina sotib olish majburiyati bilan qo‘llab-quvvatlaydi.    

Zavod loyihasi 22 mlrd turk lirasini (3,7 mlrd dollar) tashkil qiladi. U ishga tushirilgach 2-3 yildan keyin jahon bozoriga chiqishi rejalashtirilgan.